Surxondaryo viloyati IIB va Qiziriq tumani ichki ishlar bo‘limi hamkorligida tumandagi uchinchi sektorda o‘g‘il-qizlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan yoshlar festivali tashkil etildi.
Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimiz yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan yuksak e’tibor va uning samaralari haqida so‘z yuritildi. Bu borada ichki ishlar organlari xodimlari amalga oshirayotgan ishlar xususida fikr almashildi.
Qiziriq tumanida ham ichki ishlar organlari xodimlari ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratmoqda. Umumta’lim maktablari o‘quvchilari, mahallalardagi uyushmagan yigit-qizlar va probatsiya guruhi hisobida turuvchi yoshlarning Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini oshirishga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkazilayotir. Yoshlarni sportga keng jalb etish orqali bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, jismonan baquvvat, chuqur bilim va keng dunyoqarashli avlod etib kamolga yetkazishga ko‘maklashmoqda.
Festival doirasida tuman markaziy stadionida tashkil etilgan harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Qiziqarli sport musobaqalari, milliy o‘yinlar, yosh kitobxonlarning “Zakovat” bellashuvlari o‘tkazildi. Yangi chop etilgan kitoblar va o‘quvchi-yoshlarning milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi barchaga manzur bo‘ldi. Vatan, yurtga muhabbat, tinchlik va farovonlik kuylangan qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri