Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yoshlar – kelajagimiz tayanchi” tamoyili asosida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shunday maqsad asosida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyat kengashi bugun yoshlar uchun nafaqat harbiy-vatanparvarlik ruhini singdiruvchi, balki ularga sport orqali yuksak marralarni zabt etishga yo‘l ochib beruvchi muhim o‘quv-mashq maydoniga aylangan.

So‘nggi yillarda “Vatanparvar” tashkiloti Xalqaro sport federatsiyalari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatdi. Xususan, tashkilot Xalqaro Aeronavtika federatsiyasi (FAI), “NAVIGA”, “ITU”, “IVU” va “ASTC” kabi yirik sport federatsiyalarining to‘laqonli a’zosiga aylangani O‘zbekiston sport nufuzi oshayotganining yaqqol dalilidir.
Bunday hamkorliklar yosh sportchilarga xalqaro maydonlarda tajriba orttirish, xalqaro mezonlar bo‘yicha bellashish imkonini yaratmoqda. Ayniqsa, texnik sport turlariga qiziqish bildirayotgan yoshlar uchun bu imkoniyat kelajakdagi katta zafarlarga yo‘l ochadi.

Bugungi kunda Namangan viloyatidagi “Vatanparvar” tizimi doirasida 50 ga yaqin sport to‘garak va seksiyalar faoliyat yuritmoqda. Bularga “Havo miltig‘idan o‘q otish”, “Triatlon”, “Yozgi biatlon”, “Modelsozlik”, “Raketamodel”, “Karting”, “Avtoralli”, “Kord aviamodel” va boshqa sport turlari kiradi.
Joriy yil davomida o‘tkazilgan respublika miqyosidagi musobaqalarda Namangan viloyati “Vatanparvar” terma jamoasi sportchilari ulkan yutuqlarga erishdi. Jumladan, raketamodel bo‘yicha Navoiyda o‘tkazilgan chempionatda birinchi, karting poygasi bo‘yicha Uchqo‘rg‘onda o‘tkazilgan musobaqada birinchi, pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha Andijonda o‘tgan bellashuvda uchinchi, avtoralli “Ralli Mo‘ynoq – 2025” musobaqasida birinchi, yozgi biatlon bo‘yicha Chirchiqda bo‘lib o‘tgan musobaqada birinchi o‘rinlar qo‘lga kiritildi.

“Vatanparvar” tashkiloti to‘garaklarida faol ishtirok etib, respublika musobaqalarida yuksak natijalarga erishayotgan sportchilarga davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish huquqining berilishi bu tizimning yana bir yutug‘idir.

– “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tizimli ishlar yurtimiz yoshlari orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash va ularni kelajakda kuchli mutaxassislar sifatida shakllantirish yo‘lida ulkan ahamiyatga ega. Sportdagi har bir g‘alaba, har bir medal, har bir chempion – bu nafaqat bir insonning yutug‘i, balki butun viloyat, butun xalqimizning g‘ururi. “Vatanparvar” tashkilotining bu boradagi xizmatlari esa alohida e’tirofga loyiq. Yoshlarning qalbiga g‘urur, yuragiga qat’iyat, ko‘zlariga umid bergan bu harakat – bizni ertangi kuchli, sog‘lom va mustahkam jamiyat sari yetaklaydi, – deydi tashkilotning Namangan viloyati kengashi raisi Ahmadjon A’loxo‘jayev.

Sanjarbek Hamidov,
Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan
viloyati kengashi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul xodimi.
O‘zA.