Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanparvar yoshlar milliy sport o‘yinlarida kuch sinashdi
17:21 / 2024-05-27

FOTOREPORTAJ

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan Milliy gvardiya huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabida yoshlar ishtirokida vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.

Tadbirda Milliy gvardiya, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, tuman hokimligi vakillari, faxriylar, otaliqqa olingan yoshlar hamda umumta’lim maktablaridagi “Yosh gvardiyachilar” vatanparvarlik sinflari o‘quvchilari ishtirok etdi. 

Dastlab ot sportining konkur, ot ustida kurash hamda jamoaviy uloq ko‘pkari bo‘yicha musobaqalar uyushtirildi. Mard va epchil chavandozlarning chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat, olam-olam zavq bag‘ishladi. Mazkur milliy o‘yinlar qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tdi. 

Sportning kamondan otish turi bo‘yicha tashkil etilgan bellashuvlar yoshlar orasidan mergan sportchilarni saralab olish imkonini berdi. Shahar va tumanlardan tashrif buyurgan o‘g‘il-qizlarning merganlik sinovlari malakali hakamlar tomonidan odilona baholab borildi. Belgilangan nishonga qarata aniq mo‘ljalni olgan ishtirokchilargina g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 

[gallery-17582]

Shuningdek, festivalda arqon tortish, tosh ko‘tarish, armrestling, kurash, shaxmat-shashka, stol tennisi, boks, kikboksing, karate hamda badiiy gimnastika bo‘yicha yoshlar o‘z jismoniy imkoniyati va qobiliyatini namoyon etdi. 

Tadbir doirasida yoshlar kitoblar yarmarkasi, Milliy gvardiya bo‘linmalaridagi maxsus jihoz va texnikalar, qurol-aslahalar ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi. 

Harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi chiqishlari hamda iqtidorli o‘g‘il-qizlarning musiqa va san’atdagi ijrochilik mahorati tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.

Yakunda festival doirasida uyushtirilgan musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan hamda faol ishtirok etgan yoshlarga tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. 

Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA