Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy va jismoniy kamoloti uchun yaratilayotgan imkoniyatlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan “Jasorat maktabi” loyihasi yoshlarda vatanparvarlik, intizom va mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qashqadaryo viloyatida loyihaning navbatdagi mavsumiga start berildi. Bu galgi mavsumda 220 nafar yoshlar ikki guruhga bo‘linib, Muborak va Nishon tumanlaridagi harbiy qismlarda 10 kunlik mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Ular harbiy tayyorgarlik, kasb-hunar va jismoniy barkamollik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tantanali ochilish marosimida so‘z olganlar yoshlarga kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab, harbiy qismda o‘rganilayotgan intizom va mas’uliyatni hayotda qo‘llash muhimligini ta’kidladi. Harbiy xizmatchilarning jangovar chiqishlari yoshlarda vatanga muhabbat hissini yanada kuchaytirdi.
Loyiha doirasida viloyat hokimi kubogi uchun mini-futbol, “Milliy kurash”, harbiy estafeta va “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etilmoqda. G‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishi rejalashtirilgan.
[gallery-25744]
Shuningdek, 220 nafar yosh uchun tadbirkorlik bo‘yicha 10 kunlik seminar-treninglar o‘tkazilib, faol ishtirokchilarga imtiyozli kreditlar olish uchun sertifikatlar topshiriladi.
“Jasorat maktabi” loyihasi yoshlarni sog‘lom hayotga yo‘naltirish, ular ongida vatanparvarlik va mehnatsevarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari