O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tasarrufidagi Amudaryo tumani o‘quv sport texnika klubida “Vatanparvar” – mening tanlovim!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” harbiy-vatanparvarlik festivali bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish jarayonlarida yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, sog‘lom e’tiqodli, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirishga alohida e’tibor berib kelinmoqda.
“Vatanparvar” tashkiloti faoliyati, uning rivojlanish yo‘nalishlari, yurtimiz ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni, amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi amaliy ishlarni tuman, shahar aholisiga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, tashkilot faoliyati haqida ma’lumot berish maqsadida tashkil etilgan tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tasarrufidagi o‘quv muassasalari rahbarlari, mahalla faollari, tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktablar va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbir uyushmagan yoshlarni kasbga tayyorlash, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan oilalar farzandlarini davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘qitilishi bo‘yicha yaratilayotgan sharoitlar va berilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan bir qatorda tadbir doirasida bolalar, o‘smirlar va yoshlarni tashkilot tizimida mavjud sportning texnik hamda amaliy turlari bo‘yicha seksiya va to‘garaklarning faoliyati bilan tanishtirish, ularni bepul shug‘ullanishi uchun jalb qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbiri davomida “Vatanparvar” tashkilotining zamonaviy yengil va yuk o‘quv avtomobillari, sinf xonalari, sport texnikalari (karting, mototsikllar, sport avtomobili), shuningdek, raketa model va kord aviamodellarining ko‘rgazmali namoyishlari, sport seksiyalari a’zolarining faoliyatidan namunalar taqdim etildi.
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik ko‘pkurash sport musobaqasining Qoraqalpog‘iston ochiq chempionati o‘tkazildi. Yoshlar yugurish va o‘q otish bo‘yicha mahoratini namoyish etdi.
Musobaqa natijasi bo‘yicha yakka tartibda qizlar o‘rtasida birinchi o‘rinni Beruniy tumanidan Ulbo‘sin Touskanova, ikkinchi o‘rinni Amudaryo tumanidan Sevinchoy Suyundiqova, uchinchi o‘rinni Amudaryo tumanidan Shaxida Sobirova, o‘g‘il bolalar o‘rtasida birinchi o‘rinni Amudaryo tumanidan Rashid Iskandarov, ikkinchi o‘rinni Beruniy tumanidan Sherali Yo‘ldashev, uchinchi o‘rinni Xo‘jayli tumanidan Usnatdin Temirbekov egalladi. Jamoaviy bahsda Amudaryo tumani o‘quv sport texnika klubi birinchi, Beruniy tumani o‘quv sport texnika klubi ikkinchi, Xo‘jayli tumani o‘quv sport texnika klubi uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlarga “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir davomida yoshlarga va tadbir qatnashuvchilariga Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugi harbiy orkestrining konsert dasturi, harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
[gallery-7751]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA