Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanni, xalqini cheksiz mehr bilan kuylagan shoir
17:54 / 2024-03-20

21-mart – O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavallud topgan kun munosabati bilan Adiblar xiyobonidagi shoir haykali poyida adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ma’rifiy anjuman O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti va Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etildi. 

Tadbir avvalida shoir siymosiga ehtirom ko‘rsatilib, gulchambarlar qo‘yildi. XX asr o‘zbek she’riyatiga bamisoli Navro‘zday uyg‘onish olib kirgan ijodkor – O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov yodi xotirlandi. 

Unda universitet rektori Bahodir Mirzayev, Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, shoirning qizi Shoira Oripova, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton va boshqalar Abdulla Oripov ijodining o‘ziga xos jihatlari, uning ibrat bo‘lishga arzigulik ijodkorlik va fuqarolik pozitsiyasi xususida batafsil so‘zladi. 

Darhaqiqat, ustoz Abdulla Oripov hali mustabid tuzumning qamchisidan qon tomib turgan murakkab bir davrda Vatanimiz ozodligi, hurriyatini, milliy o‘zlik, milliy uyg‘onish mavzusini o‘zining jo‘shqin she’riyatida baralla kuylagan ijodkor edi. Milliy ohanglar, isyonkor ruh, Vatanga, xalqimizga, shu tabarruk zaminimizga cheksiz mehr-muhabbat Abdulla Oripov satrlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. 

Adabiy tadbirda shoir she’riyatida lirik tuyg‘ular, falsafiy mushohadalar, hayotiy voqea-hodisalarga munosabat keng o‘rin egallagani, adabiyotning turli janrlarida ijod qilgani aytildi. 

So‘zga chiqqanlar “Bahor”, “Birinchi muhabbatim”, “Kuz”, "Sen bahorni sog‘inmadingmi" she’rlarini yodga oldi. Uning “Mitti yulduz", "Ko‘zlarim yo‘lingda” “Onajon”, “Ruhim”, “O‘zbekiston”, “Yurtim shamoli”, “Hayrat”, “Yillar armoni”, “Ishonch ko‘prigi” kabi ko‘plab she’riy to‘plamlari kitobxonlarga manzur bo‘lgani ta’kidlandi. 

Tadbirda shoirlar, talabalar tomonidan shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi. 

N.Usmonova, O‘zA