Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Vatanni sevmoq iymondandir” esselar tanlovining g‘oliblari aniqlandi
17:48 / 2022-06-07

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘rtasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Vatanni sevmoq iymondandir” mavzusida esselar tanlovining birinchi – Akademiya bosqichi o‘tkazilgan edi.

7 iyun kuni 80 nafarga yaqin talabalar ishtirok etgan tanlovning yakuniy natijalari e’lon qilindi.  

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov Vatanni sevish, uning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish har bir fuqaroning burchi ekanini ta’kidladi. Ayniqsa, yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotgani, bunda yoshlar mamlakatning bilim salohiyati, porloq istiqbolini ta’minlaydigan kuch ekani alohida qayd etildi.  

O‘z navbatida, Hakamlar hay’ati raisi, "Ziyo-media" markazi direktori Abduhamid Muxtorov tanlovdagi ijodiy ishlarda mavzuning to‘laqonli ochib berilgan, mavzuga oid mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflarga ega, imloviy savodxonligi baland, amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan o‘z munosabati aks etgan ijodiy ishlar yuqori baholanganini bildirdi.  

Tanlovda ishtirok etgan talabalar ham so‘zga chiqib, bu kabi tanlovlar yoshlarni o‘z ustida ishlashiga katta turtki bo‘lishi, bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Hakamlar hay’ati tomonidan adolatli, shaffof, ochiq va oshkora tarzda baholangan tanlov natijalari e’lon qilindi.  

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmatiga ko‘ra, akademiyaning “Islomshunoslik” fakulteti 4-bosqich talabasi Iroda Abdumannopova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti 3-bosqich talabasi Muhammadamin Mamanovga nasib etgan bo‘lsa, 3-o‘rinni “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti 2-bosqich talabasi Dildora Rajapboyeva qo‘lga kiritdi.  

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi o‘quvchilari – Muslima Muratova 1-o‘rin, Zahro Shavkatova 2-o‘rin, Muslima Sultonmurodova 3-o‘rinni egalladi. 

Iqtidorli yigit-qizlar tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar. Hakamlar hay’ati tomonidan tanlov doirasida yaxshi natijalarni qayd etgan talabalar turli nominatsiyalar bilan rag‘batlantirildi.  

N.Usmonova, O‘zA muxbiri