Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanni muhofaza qilish – burch va mas’uliyat
17:51 / 2026-01-14

Har bir mamlakatning tinchligi va barqarorligi uning kuchli armiyasi bilan mustahkamlanadi. Shu bois 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni har bir o‘zbekistonlik uchun alohida ahamiyatga ega sana hisoblanadi. Ushbu bayram nafaqat tarixiy ma’noga ega, balki yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiya va xalq o‘rtasidagi ittifoqni mustahkamlashda ham muhimdir.

Bu yilgi bayram tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi hamda Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari 7535-xarbiy qismi hamkorligida tashkil etildi.

Bayramda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar, harbiy xizmatchilar, yoshlar yetakchilari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv avvalida Vatan himoyachilari va mustaqilligimiz, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan harbiylar xotirlandi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish, harbiy xizmatchilar uchun qulay va zamonaviy sharoitlar yaratish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Vatan himoyasi – muqaddas burch ekani, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, mas’uliyat va jasorat tuyg‘ularini mustahkamlash ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Bayram dasturi doirasida harbiy xizmatchilar va faol yoshlar tomonidan tayyorlangan ma’naviy-ma’rifiy va badiiy chiqishlar namoyish etildi. Vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va musiqiy kompozitsiyalar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida bir guruh harbiy xizmatchilar, faol yoshlar va tashkilotchilar tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Mazkur bayram tadbiri yoshlar orasida vatanparvarlik hissini kuchaytirish, harbiylar va yoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Nigora Rahmonova, O‘zA