Har bir onaning oliy maqsadi o‘z farzandini bilimli va yurtiga sodiq qilib tarbiyalash. Buning uchun ular tinimsiz mehnat qiladi, farzandiga e’tibor qaratadi. Uning o‘qishi, ma’nan barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun bor mehriyu e’tiborini ayamaydi. Onalarning o‘z farzandi oldidagi bunday mas’uliyati— eng oliy vatanparvarlik namunasi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi "Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimida navbatdagi muhim tadbir tashkil etildi.

Xususan, Milliy gvardiya saflarida xizmat o‘tayotgan ayol harbiy xizmatchilar, ta’lim muassasalaridagi kursant va o‘quvchi-qizlar hamda gvardiyachilarning oila a’zolari ishtirokida “Tarixni e’zozlagan, o‘z Vataniga fidoyi — Yangi O‘zbekiston ayollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi G.Marufova, olima, falsafa fanlari doktori, professor J.Shermuhamedova, “Shuhrat” medali sohibasi, taniqli aktrisa A.Yusupovalar ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida ishtirokchilar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xotin-qizlarning tutgan o‘rni, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, harbiy sohada xizmat qilayotgan ayollarning jasorati hamda yosh avlod — o‘quvchi va kursant qizlarda vatanparvarlik ruhini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Ishtirokchilar mehmonlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ularning hayoti, kasbiy faoliyati, jamiyatdagi o‘rni va erishgan yutuqlari bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, o‘quvchi va kursant qizlar kelajakdagi kasb tanlovi, yetakchilik fazilatlarini rivojlantirish va jamiyatda faol ayol sifatida shakllanish borasida ko‘plab muhim maslahatlar oldilar.
Tadbir doirasida ayol harbiy xizmatchilarning yutuqlari, jasorati va mehnatlari namoyon etilgan videorolik namoyish etildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA