Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan sirdaryolik jurnalistlar uchun “Vatanimning har go‘shasi – men uchun aziz” shiori ostida Sardoba tumaniga press-tur tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Sardoba tumani hokimligi tomonidan tashkil etilgan press-turda bosma va elektron nashrlarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, mahalliy blogerlar, Sardoba tuman “Jurnalistika va ijod maktabi” to‘garagi o‘quvchilari – havaskor jurnalistlar ishtirok etdi.
Press-tur qatnashchilari “Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan texnogen holatdan so‘ng yaroqsiz holga kelib qolgan va endilikda butunlay yangicha qiyofa kasb etib, qayta tiklangan va u yerda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan quruvchilar tomonidan amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu yerda yangi shaharchalar bunyod etilgan.

Keyingi manzil Muhammad Al-Xorazmiy nomli mahalla fuqarolar yig‘inidagi 16-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘ldi. Bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.
Shuningdek, “Sardoba textile Oqsaroy group” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, bu yerda mehnat qilayotgan ishchi xizmatchilar suhbat qurildi.
Salkam 800 kvadrat metr joyni egallagan ichki bosh pavilonda Tailanddan keltirilgan eng zamonaviy tikuv va Xitoydan olib kelingan to‘quv mashinalari joylashgan. Bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlar import uchun mo‘ljallangan.

Suv toshqinidan butunlay foydalanib bo‘lmas darajaga kelib qolgan Do‘stlik MFYdagi 22-sonli yangi oilaviy poliklinika, matematika fanini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi qurilishi, dizayni, bolalarning yuqori darajadagi ta’lim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlari bilan ham tanishildi.
Ishtirokchilar Buyuk Ipak yo‘li orqali harakatlangan karvonlar uchun biydek cho‘l bag‘rida yagona suv manbaasi sifatida juda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “Yog‘ochli Sardoba” tarixiy-me’moriy suv saqlagich inshootini ko‘rib, ushbu qadimiy yodgorlik – tarixiy obida haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Press-tur sardobalik yosh ijodkorlarning “Gumbaz gurunglari” mushoirasi bilan yakuniga yetdi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA