Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanimizning mard va jasur himoyachilari
19:33 / 2022-03-02

Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi termizlik harbiylar hayoti bilan tanishdi.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida keyingi yillarda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar Vatanimiz tinchligi, yurtimiz obodligi va sarxadlarimiz daxlsizligini ta’minlashda yuksak samaralar bermoqda.

Bu jarayonda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Milliy armiyamizning xalqimiz bilan uzviy birligi va yakdilligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Sohada olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida jamoatchilik fikrini shakllantirib, mudofaa qudratimizni yanada oshirishning muhim masalalarini o‘rganmoqda. Tinchligimiz qo‘riqchilariga yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar va oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

Harbiy qism va harbiy shaharchalarda tez-tez bo‘lib, Vatanimiz posbonlari va ularning oila a’zolari, nafaqadagi Qurolli Kuchlar xizmatchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazayotir.

Termiz garnizoniga qarashli harbiy qismlardan birida bo‘lib o‘tgan ana shunday uchrashuvda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamaotchilik kengashi a’zosi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov ishtirok etdi.

Jamoatchilik kengashi viloyat bo‘limi a’zolari, shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiylar, Qurolli Kuchlar faxriylari va talaba-yoshlar qatnashgan tadbirda so‘nggi yillarda Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar hozirgi tahlikali zamonda tinch, osayishta va farovon hayotimizni ta’minlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Qurolli Kuchlarimiz zamonaviy texnika va qurol-aslaha bilan ta’minlanayotgani, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilib, turli imtiyozlar berilayotgani haqida fikr almashildi.

–Vatan himoyachilariga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor Milliy armiyamiz saflarida xizmat qilishni tom ma’nodagi shon-sharaf ishiga aylantirdi,–deydi harbiy qismning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘limi boshlig‘i N. Atajonov. – Bunga harbiylarni uy-joy bilan va oila a’zolari bandligini ta’minlash muhim vazifa sifatida belgilab olingani, farzandlarining oliy o‘quv yurtiga kirishda imtiyozlar qo‘llanilayotgani yoki muddatli harbiy xizmatni o‘tagan askarlarning oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga qabul qilinishi uchun imtiyozli tavsifnomalar berilayotgani ham yaqqol dalildir.

Uchrashuvda harbiylar hayoti va yaratilayotgan sharoitlar, oila a’zolariga berilayotgan imtiyozlar bilan bog‘liq talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi. Shu kuni tadbir ishtirokchilari harbiy qismning yotoqxonasi, o‘n ming kitob fondiga ega kutubxonasi, oshxona, sport zal, sport maydonchasi va madaniyat uyida harbiylar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi.

Harbiy qism kutubxonasiga Jamaotchilik kengashi nomidan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan yosh jurnalistlarning eng sara maqolalari asosida nashr etilgan “Umid yog‘dusi” to‘plami hamda yangi chop etilgan badiiy kitoblar tuhfa qilindi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan zamonaviy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiylarning jangovar ko‘rgazmali chiqishlari ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri