Vatanimizning buguni va kelajagiga befarq emasmiz
Bugun Vatanimiz, xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida barcha faol ishtirok etmoqda.
Bugun Vatanimiz, xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida barcha faol ishtirok etmoqda. Saylov uchastkalariga fuqarolar o‘zi munosib, deb topgan nomzodiga ovoz berish uchun kelmoqda. Ular orasida xalqaro miqyosidagi nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sportchilar ham bor.Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Osiyo va jahon chempioni, XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” va “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Ruslan Nurudinov poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 23-saylov uchastkasida o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berdi.
– Saylovda qatnashish Vatanimizning buguni va kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro uchun muhim ahamiyatga ega, – deydi R.Nurudinov. – Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan mamlakatimizda sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratildi. Bugun yurtimizning barcha hududlarida yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi, iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Buning natijasida biz, yosh sportchilar sport olamining nufuzli musobaqalarida yuqori natijalarga erishib kelmoqdamiz.
Bugun men ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashib, ana shu taraqqiyot yo‘limizni yanada mustahkamlash, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shish, shu maqsad yo‘lida xalqni birlashtirishga qodir, deb bilgan munosib nomzodga ovoz berdim.