Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanimizga sodiq kadrlar islohotlar taqdirini belgilaydi
17:46 / 2025-06-30

Poytaxtimizdagi “JAR” stadionida IIV akademiyasi kursantlarining bitiruv marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tantanada Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, qator davlat organlari vakillari, bitiruvchilarning yaqinlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davlatimiz madhiyasi yangraganidan so‘ng yosh leytenantlarga diplom va ko‘krak nishonlari topshirildi. Ichki ishlar vaziri, general-mayor Aziz Toshpo‘latov so‘z olib, o‘quv dargohining shonli tarixi davomida erishgan yutuqlariga to‘xtaldi.  

Ta’kidlanganidek, Toshkent oliy militsiya maktabi sifatida tashkil etilgan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ilg‘or yondashuvlarni o‘zida mujassam etgan nufuzli o‘quv muassasalaridan biri sanaladi. Keyingi yillarda akademiya faoliyati tubdan isloh qilinib, ta’lim jarayonlari sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqildi. Dual ta’lim tizimida o‘qitish, mashg‘ulotlarni innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish, xorijning ilg‘or tajribalarini o‘rganish kabi samarali tizimlar yo‘lga qo‘yildi. O‘quv dargohining moddiy-texnika bazasi zamon talablari darajasida mustahkamlanib, kursantlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.  

Ichki ishlar vaziri ta’limdagi islohotlar ijobiy samara berayotganini ta’kidlab, istiqboli porloq yoshlarning turli yo‘nalishlarda erishayotgan yutuqlarini alohida e’tirof etdi. Shu bilan birga yangi avlod ichki ishlar organlari xodimlari zimmasidagi ustuvor vazifalarga to‘xtalib, bitiruvchilar ona Vatanimiz va xalqimizga cheksiz sadoqat bilan xizmat qilishi, o‘z burchiga halol va vijdonan yondashishi, inson huquqlariga qat’iy rioya qilgan holda fuqarolarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi, bir so‘z bilan aytganda xalqparvar ichki ishlar organi xodimi degan sharafli nomga munosib bo‘lishi kerakligini qayd etdi.  

Tadbirda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov, bitiruvchilar va ota-onalar nomidan Tofiqbek Akramov, Lobar Sultonova so‘zga chiqdi.  

– Farzandim mana shunday dargohda ta’lim olib, chinakam vatanparvar, jasur, fidoyi, yurtimiz koriga yaraydigan inson bo‘lib shakllandi, – dedi Qibray tumanidagi 32- umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Lobar Sultonova. – Men barcha ota-onalar nomidan yoshlarimizning ta’lim-tarbiyasi, kelajak taqdiri uchun hamisha qayg‘urib, farzandlarimizga Yangi O‘zbekistonning tayanchi deb yuksak ishonch bildirayotgan Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komilki, safda turgan o‘g‘il-qizlarimiz yurtimizning chinakam farzandlari sifatida Vatanimiz ravnaqi va farovonligi uchun butun borlig‘i bilan xizmat qiladi.

Ona yurtimizni madh etuvchi kuy qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati