Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman
20:50 / 2023-11-28

Yakunlanayotgan 2023 yil hayotimda o‘chmas iz qoldirib, men uchun omadli yillardan biri bo‘ldi, desam adashmayman. Joriy yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashkil etilganligining 65 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandim.

Men Samarqand viloyatining Nurobod tumanida tug‘ilib, o‘sganman. Otam rahmatli xo‘jalikda oddiy ishchi edi. Oilada sakkiz nafar opa-singil, aka-ukamiz. Otam O‘rin Elmon o‘g‘lining 1996 yilda to‘satdan vafot etishi oilamiz uchun og‘ir zarba bo‘ldi. To‘ng‘ich farzand sifatida uka-singillarga bosh bo‘lish mening zimmamga tushdi. Shukrki, oilamiz bilan birga barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tdik. Bugun hammamiz o‘qigan, uyli-joyli, oilali, hayotda o‘z o‘rnimizni topganmiz.

Qishlog‘imizga bayramlar yoki ta’til vaqtida hamyurt talabalar kelib qolsa, ularga havas qilardim. Shu bois, ishtiyoq va ustozlarning “o‘qigan o‘zar”, degan da’vatiga amal qilib, oliy dargohda o‘qiyman, deb azmu qaror qildim. Bolalikdan texnikaga qiziqqanim sababli, orzularim meni poytaxtga, Toshkent davlat texnika universitetiga yetakladi. Kirish imtihonlaridan a’lo baholar bilan o‘tib, talaba, degan sharafga erishdim. Nufuzli universitetda ishlab chiqarishning mashina va texnikalari yo‘nalishida ustozlarimdan mukammal saboq olib, tanlagan kasbning sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirishga harakat qildim va 1992 yilda universitetni muvaffaqiyatli tugatishga muvaffaq bo‘ldim.

Shu yili yo‘llanma bilan Navoiy mashinasozlik zavodiga ishga kelganman. Bu korxonaga kelib, aslo kam bo‘lmadim. Taqdir meni yaxshi insonlarga, ustozlarga yo‘liqtirdi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi tufayli hayotimda ko‘p yutuqlarga erishdim. Baxt-omad nasib etdi. Eng muhimi, ushbu qadrdon zavod men uchun haqiqiy mahorat maktabi bo‘ldi. Unda kechgan 26 yillik faoliyatimda ishimni muhandis-texnologlikdan boshlab, quyuv ishlab chiqarish sexi boshlig‘i, keyinchalik esa direktorning ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari vazifalarida ishlab, serqirra yo‘lni bosib o‘tdim. Bu menga bildirilgan ulkan ishonch edi.  

Yoshligimdan ixtirochilikka, yangiliklar yaratishga qiziqaman. Kombinatda buning uchun barcha imkoniyat yaratib berilgani bu ishni olib borishga keng yo‘l ochdi. Ayni paytda ishlab chiqarishga joriy etilgan va korxonaga iqtisodiy samara keltirayotgan 26 ta ratsionalizatorlik taklifi muallifiman.  

2015 yilda hayotimda quvonchli voqea ro‘y berdi. Prezidentimizning farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Shu bilan birga, zavodda ishlagan chog‘imda kombinat tomonidan ta’sis etilgan turli darajadagi ko‘krak nishonlariga sazovor bo‘ldim. Bunday e’tibor va rag‘bat insonga nafaqat kuch-g‘ayrat, balki ulkan mas’uliyat ham yuklar ekan. Bunga javoban zimmamga olgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga, korxonam uchun sidqidildan xizmat qilishga intilib kelayapman.

2018 yilda Markaziy kon boshqarmasining Markaziy ta’mirlash-mexanika sexi boshlig‘i lavozimiga tayinlandim. G‘oyat qisqa fursatda sex jamoasi bilan til topishib, ishlab chiqarish hajmini oshirish, sexni kengaytirish yo‘lida keng qamrovli ishlarni amalga oshirayapmiz. Kezi kelganda, jamoamiz navqiron kadrlar hisobiga yildan-yilga yosharib borayotgani, safimiz izlanuvchan, intiluvchan yoshlar hisobiga ortib borayotganini ham mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim.

Dastlab chetdan olib kelingan karbid xomashyosini sexning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Ishlab chiqarishga raqamlashtirishni izchil tadbiq etish maqsadida yaqin kunlarda 10 ta zamonaviy payvandlash dastgohi, bir nechta so‘nggi rusumdagi lazer yordamida metall kesish dastgohlarini olib kelish harakatidamiz. Shuningdek, seximiz tasarrufida yangi bir majmua – metallarni quyish sexini qurish rejasi ham ishlab chiqilmoqda. Bundan maqsad bitta – 1967 yilda tashkil topgan Markaziy ta’mirlash-mexanika seximizni zavod darajasiga olib chiqishdir.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashkil topganligining 65 yilligi men uchun quvonchli voqeaga aylandi. Yurtboshimizning farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandim. Ushbu mukofot nafaqat mening, balki ko‘pming kishilik jamoamizning mehnatiga berilgan munosib baho, deb bilaman. Unvonni qabul qilib olar ekanman, ko‘nglimda shukronalik, davlatimizdan minnatdorlik hissini tuydim.  

Bugun oilada birimiz mexanik, birimiz konstruktor, birimiz butlovchi, birimiz muhandismiz. Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlaymiz. Misol uchun, turmush o‘rtog‘im Qizlaroy Xo‘jayeva Navoiy mashinasozlik zavodida, o‘g‘lim Sardor Markaziy kon boshqarmasida, qizim Mohinur Markaziy konstruktorlik byurosida faoliyat olib borayotgani bunga misoldir. Shunday shuhratli korxonada oilamiz bilan ishlab, uning rivojiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan har doim mamnunmiz. Bundan tashqari, qizim Matluba Nurobod tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotida hamshira, Mardona esa Koreya davlatidagi universitetda talaba.

Goho o‘ylanib qolaman. Qarangki, kombinatda ishlayotganimga 30 yildan oshibdi. Biz tomonda keksalar: “Ilohim, peshonang yorug‘ bo‘lsin!”, deb niyat qiladi. Bu – toleing sarbaland, iqboling porloq bo‘lsin, degani. Shu kasbni tanlaganimdan, ulkan korxonada ishlash baxtiga sazovor bo‘lganimdan hech qachon afsuslanmayman. Aksincha, oddiy insonning farzandi sifatida shunday yutuqlarga erishganim nafaqat menga, balki sulolamiz uchun har doim faxr, g‘urur bag‘ishlaydi.  

Yuldash G‘ANIEV,

Navoiy kon-metallurgiya kombinati Markaziy kon boshqarmasi  

markaziy ta’mirlash-mexanika sexi boshlig‘i.

Suratlar muallifi Siroj Aslonov.  

O‘zA