Urganch shahridagi Xorazm viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish organlari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqib, barchani Konstitutsiya bayrami bilan qizg‘in muborakbod etdi.
Viloyat san’at ustalari ijrosida bayram konserti namoyish etildi. Vatanni madh etuvchi go‘zal kuy - qo‘shiqlar yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
—Men bu yurtning mehnatida pishib, issiq-sovug‘ini birday ko‘rgan mehnat faxriysi sifatida har gal 8 dekabr kuni dilda bir g‘urur, quvonch va iftixor bilan yurt o‘tmishini yodga olaman, —deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Rustam Sultonov. —Chunki, aynan shu kunda xalqimiz tanlagan yo‘l — adolat, tinchlik va taraqqiyot yo‘lining mustahkam poydevori —O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan. O‘ttiz uch yil inson umrida ham kam bo‘lmagan davr. Davlat taqdirida esa bu sinovlardan o‘tilgan, yuksalish, yangi marralar qo‘lga kiritilgan yillar majmuasidir. Ayniqsa, so‘nggi yillardagi islohotlarda Yangi O‘zbekistonning barpo bo‘lib, gullab-yashnayotganiga guvoh bo‘layotganimdan, shu o‘zgarishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rayotganimdan xursandman.
[gallery-26613]
Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tadbirlar “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oya asosida Xorazmning barcha shahar va tumanlarda davom etmoqda.
A. Shokirov, B.Saidov(surat), O‘zA