14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni Cirdaryo viloyatida ham katta ko‘tarinkilik bilan nishonlandi.
Guliston shahridagi Xotira maydoniga viloyat hokimligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, ofitser, serjant va harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilari harbiy orkestr musiqa sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, Vatanimiz tinchligi, osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimizni yod etdi.
Shundan so‘ng, “Bilimdonlar maskani”da viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Karimov tadbir ishtirokchilariga Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tadbir davomida yurt taraqqiyoti yo‘lida olib borilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida so‘z bordi. Bu natijalarga erishishimizda Davlat va xalq manfaatlari uchun har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishga shay turuvchi harbiylarimiz yuksak ehtirom va e’tirofga munosibligi aytildi.
Vatanimiz tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan katta leytenant Alisher Salimovning onasi Tojixon Salimovaga, serjant Elomon Otajonovning otasi Xolmurod Otajonovga, serjant Xayrulla Bozorovning otasi To‘ra Bozorovga mudofaa ishlari boshqarmasining sovg‘alari topshirildi.
Bu kabi tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA