Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanim tinchligi yo‘lida bir oyog‘imdan ayrilganimdan hech qachon afsuslanmayman...
19:48 / 2023-01-16

2000 yil avgust oyi. Yurtimizda mustaqillikning 9 yilligiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan kunlar. Kutilmaganda, respublikamizning janubiy sarhadi – Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlari orqali bir guruh jangarilar qurolli hujum uyushtirdi. To‘g‘ri, jangarilar yo‘q qilindi. Biroq, ko‘plab o‘zbek o‘g‘lonlari – o‘n gulidan bir guli ochilmagan yigitlarimiz shahid ketdilar, ko‘plab yigitlar bir umrga mayib-majruh bo‘lib qoldi. Ular orasida farg‘onalik Ilyosjon Yigitaliyev ham bor.

Bag‘dod tumani Samarqand qishlog‘idagi 5-maktabni tamomlagan Ilyosbek 1998 yilda armiya xizmatiga chaqirildi. Bir yillik muddatli xizmat nihoyasiga yetkach, o‘z xohishi bilan shartnoma asosida xizmatni maxsus batalonda davom ettira boshladi.  

– Yanglishmasam, 2000 yilning 1 avgust kuni edi. Tunda maxsus trevoga orqali butun batalon oyoqqa turg‘azildi, – deya eslaydi Ilyosjon. – Ma’lum bo‘lishicha, bir guruh jangarilar chegarani buzib o‘tgan ekan. Voqea joyiga yetib borganimizda “taqur-tuqur” otishmalar boshlanib ketdi. Shu otishmalarning birida o‘ng oyog‘imdan qattiq yaralandim. Yaqin bir yil gospitalda yotdim. Davolanishlar natija bermagach, oyog‘imni kesib tashlashdi. Uydan ikki oyoqda chiqib ketib, bir oyoqda kirib kelish osonmas ekan. Avvaliga tushkunlikka tushdim. Biroq, ota onamning, yaqinlarim, do‘stlarimning daldalari va albatta, Vatan hissi yashashga, hayotga bo‘lgan ishonchimni, muhabbatimni oshirdi. Vatanim tinchligi yo‘lida bir oyog‘imdan ayrilganimdan hech qachon afsuslanmayman, aksincha g‘ururlanaman. Bizni ulg‘aytirgan, tarbiyalagan yurt uchun har qancha xizmat qilsak, arziydi.

Ilyosjon bir oyog‘idan ajralgan paytida navqiron 22 yoshda edi. Oradan yillar o‘tdi. Bugun mo‘’jazgina oilaning sohibi. Har qadamda unga dalda va mehr beruvchi rafiqasi, farzandlari bor. Birovdan kam joyi yo‘q. Hokimlik, mudofaa ishlari bo‘limi va boshqa mutasaddi idoralar uning holidan tez-tez xabar olib turishadi. 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunida ham ular Ilyosjonning xonadoniga tashrif buyurib, bayram bilan tabriklashdi, sovg‘a-salomlar topshirildi.  

– Biz jangchi faxriylarga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor uchun davlatimizga, Yurtboshimizga katta rahmat. Kamtarona xizmatim munosib rag‘batlantirilayotganidan minnatdorman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, – deydi Ilyosjon.

Albatta, Ilyosjon Yigitaliyev garchi taqdir taqozosi bilan bir oyog‘idan ajralgan bo‘lsa-da, bugungi hayotidan mamnun. Chunki, bu yorug‘ dunyoda tiriklikning o‘zi katta baxt! Yon-atrofdagilarning mehr-muhabbatini qozonib yashash – saodat!

Tuman hokimi Yusufjon Husainov faxriy harbiy xizmatchi bilan dildan suhbatlashib, unga sog‘lik-salomatlik, mazmunli umr va baxt-saodat tiladi.

M.Sulaymonov, O‘zA