Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanim, orim deb qasamyod qildim
15:26 / 2024-04-26

...O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va Umumharbiy nizomlarga qat’iy amal qilish, suvda, havoda – har qanday sharoitda ham o‘z burchini vijdonan bajarish, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda el-yurtining yuksak ishonchini oqlash...

Vatanga qasamyod jarayonlarida g‘urur bilan aytilayotgan bu so‘zlar, aslida yurtparvar o‘g‘lonlar zimmasiga juda katta mas’uliyat va burch yuklaydi. Zero, Vatanga qasamyod bu – yigitlik sha’ni, or-nomusi va qadr-qimmatini o‘rtaga qo‘yib, zimmasidagi sharafli hamda mashaqqatli vazifalarni qat’iyat bilan ado etishga ahd qilish demakdir. 

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism va bo‘linmalarda ham harbiy xizmatga yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilar Vatanga qasamyod qildi. Marosimlar Respublikamiz bo‘ylab ko‘tarinki ruhda tashkil etilib, tantanali tadbirlarda Chegara qo‘shinlari rahbariyati, mas’ul ofitserlar, keng jamoatchilik vakillari hamda yosh askarlarning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etdi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Zangiota tumani hamda Bekobod shahrida o‘tkazilgan tantanalar davomida so‘z olganlar Vatanimiz mustaqilligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va ona xalqimizning tinchligi, osoyishtaligini so‘nggi nafasigacha himoya qilishga bel bog‘lagan o‘g‘lonlarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirib, ularning kelgusidagi xizmat faoliyatida omad tiladi. Shundan so‘ng qalblarga o‘zgacha g‘urur va iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlagan hayajonli lahzalarga navbat yetib, o‘g‘lonlar Vatan oldidagi yigitlik burchlarini bajarishga bel bog‘lab, tantanali ravishda qasamyod qildi. 

Egniga harbiy liboslari yarashgan bu alp qomat o‘g‘lonlar o‘tgan qisqa vaqt ichida tajribali ofitser va serjantlarning sa’y-harakatlari yordamida harbiy sohaning sir-asrorlarini o‘rganib, dastlabki ko‘nikma va bilimlarni o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lganlarini ham marosim davomida namoyish etilgan ko‘rgazmali qo‘l jangi va jangovar chiqishlari orqali amalda namoyon etib berdi.

Yosh-u qarini bir yerga jamlagan shu kabi tadbirlar Farg‘ona viloyatidagi Quvasoy 
va Qo‘qon shaharlari hamda Farg‘ona tumanidagi Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarda ham tantanali tus olib, so‘z olganlar tomonidan tinchlik eng oliy ne’mat ekani, bugun milliy armiyamizni modernizatsiya qilish, uning salohiyati va jangovar qudratini yanada oshirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. 

Shuningdek, tadbirlar davomida Vatan oldidagi o‘z yigitlik burchini o‘tab bo‘lish arafasida turgan muddatli harbiy xizmat oddiy askarlariga Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozli tavsiyanomalarning tantanali tarzda topshirilishi ham yosh askarlarning qalblarida o‘zgacha havas hislarini uyg‘otib, o‘qib-izlanishga undadi.

Jizzax viloyatining qo‘shni Respublikalar bilan chegaradosh hududlari daxlsizligini ta’minlashga kirishish ostonasida turgan yurt o‘g‘lonlari ham safdoshlari singari ko‘ksiga qurolini mahkam bosib Vatanga qasamyod qildi. Tantanali marshdan so‘ng, Vatanga qasamyod qilgan muddatli harbiy xizmatchilarga Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining tabrigi yetkazildi. Shundan so‘ng, muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan qisqa vaqt ichida o‘zlashtirilgan himoya 
va hujumda qo‘l keluvchi jangovar elementlardan namunalar ko‘rsatildi. 

Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridagi harbiy qismlarda tashkil etilgan tadbirlarda  o‘z dilbandini harbiy libosda harakatlanayotganini kuzatgan ota-onalarning qalblari cheksiz quvonchga, dillari faxrga to‘ldi. 

– Bugun bizning eng baxtli kunlarimizdan biri. Chunki bu lahzalarni juda intiqlik bilan kutdik. Ko‘zlari yonib turgan shunday o‘g‘lonlarimiz bor ekan, yurtimiz hamisha tinch 
va osoyishta bo‘laveradi. Quvonarlisi, bu tadbirda ishtirok etayotgan barcha ota-onalarning ham kayfiyatlari ko‘tarinki. Farzandimiz xizmatini yorug‘ yuz bilan o‘tab, oilamiz bag‘riga eson-omon qaytishini tilaymiz. Unga mahalla-ko‘y, yaqinlari va biz ishonamiz, – deydi yosh askarlardan biri Doniyor Yo‘ldoshevning onasi Donoxon Jumayeva.

Vatanga qasamyod tadbirlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan Chegara qo‘shinlariga qarashli barcha harbiy qism va bo‘linmalarda ham katta tayyorgarlik ko‘rilgani ishtirokchilar tomonidan e’tirof etildi. Yosh askarlar turli hududlardan yetib kelgan yaqinlarini ko‘rib nihoyatda xursand bo‘ldi.

– Safda qad rostlab turibman-u nigohim odamlar gavjum bo‘lgan tomonda. Uydagilar kelishdimikan degan o‘y o‘tdi xayolimdan. Yo‘l ancha uzoq, Farg‘onadan ulgurib yetib kela olisharmikan? Shu payt odamlar orasidan besh yoshli ukamning qo‘l silkigani ko‘rindi. Otam uzoqdan meni ko‘rsin deb uni yelkalariga o‘tkazib olgan ekan. Yonlarida onam turibdilar. Yuragim allanechuk hayajonga to‘lib ketdi. Qaddim ham boshqacha rostlangandek bo‘ldi. Qasamyod qabul qilayotganimda, ovozim shu qadar baland jarangladiki, uzoqroqda turgan ota-onam va ukam ham eshitishdi, chamamda. Bu onlarni aslo unutib bo‘lmaydi, – deydi muddatli harbiy xizmat oddiy askari Suxrobjon Abdusattorov. 

Haqiqiy bayramga aylanib ketgan tadbirlar davomida Chegara qo‘shinlari Ashula va raqs ansambli xonandalari hamda el suygan san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi. Endilikda Vatanimiz chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilishdek mas’uliyatli, shu bilan birga sharafli vazifani zimmasiga olgan yosh askarlar o‘z bilim va mahoratlarini doimiy ravishda oshirib borishlari, zamonaviy qurol-aslahalardan foydalanish sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirgan holda, jangovar va ma’naviy qudrat sohibiga aylanishlari kerak bo‘ladi. 

[gallery-17116]

Yurtparvar, fidoyi harbiylar safiga qo‘shilayotgan bu navqiron o‘g‘lonlarga kelgusidagi jangovar-xizmat faoliyatlarida hamisha omad va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolamiz. 

Farida Bobojonova,

DXX Chegara qo‘shinlari xodimi