Osoyishta, erkin va farovon yurtning ona tabiatdan andoza olgan davlat bayrog‘i eng oliy sahnalar, eng yuqori marralarda, zafarli qo‘llarda baland ko‘tarilmoqda, shavqu zavq bilan ko‘zlarga surtilmoqda.
Bugun bu bayroq faqatgina O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzi emas, u shu yurtda tug‘ilib, shu zaminning mehridan qonib yashayotgan barcha el-elatlarning tinchlik va ahillik timsoliga, qalblarni qalblarga yaqinlashtiradigan, dillarni dillarga ulaydigan vositaga aylangan. Dunyoning qaysi burchagida bo‘lmang, bu bayroq ona yurt nafasini dimoqqa uradi, qadrdon Vatanni yodga soladi.


O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 34 yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari ishtirokida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati Kengashi, viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda “Vatanim, bayrog‘im shonu-shuhratim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda falsafa fanlari doktori, professor, ijtimoiy psixolog, Toshkent shahar kengashi deputati, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Yoshlar murrabiysi Jamila Shermuhamedova ishtirok etdi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilarga Davlat bayrog‘ining qabul qilinishi, uning ranglari va ramziy ma’nolari haqida tushunchalar berildi. Bundan tashqari harbiy xizmatchilar bilan vatanparvarlik hissini uyg‘otuvchi, harbiy birodarlik hamda jamoaviy jipslikka undovchi treninglar ham o‘tkazildi.
Tadbir ona Vatanni ulug‘lovchi kuy va qo‘shiqlarga ulanib ketdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.