French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanga yor, Vatan anga yor ijodkor
15:15 / 2025-07-30

Atoqli ijodkor, shoir va tarjimon Minhojiddin Mirzo yaxshi qalamkash, yaxshi inson, milliy manfaatlarimizning tom ma’nodagi himoyachisi, ma’naviyat, adabiyot fidoyisidir. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida shoir tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlangan “Kim Vatanga yordir, Vatan anga yor” nomli adabiy anjuman hamda “Tanlangan asarlar” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Adabiy anjumanga milliy adabiyotimiz ixlosmandlari, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar taklif etildi.  

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, atoqli shoir Mirzo Kenjabek, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minova, “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari, taniqli jurnalist Sharof Ubaydullayev va boshqalar mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijod ahliga qaratilayotgan ulkan e’tibor yozuvchi va shoirlarni yanada jo‘shqin ijod qilishga, yangi-yangi ma’rifiy  loyihalar ustida izlanishga undayotganini ta’kidladi.  

Minhojiddin Mirzo milliy madaniyatimiz, ma’naviyatimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelmoqda. Uning ijodida ona-Vatanga samimiy muhabbat va sadoqat, elparvarlik, milliy o‘zlikni anglash, istiqlol, ozodlik, hurriyat tarannumi,  ota-onaga hurmat, milliy an’anaga va qadriyatlarga ehtirom, poklik, halollik, insoniy burch va mas’uliyat ustuvor o‘rin egallaydi.    

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Minhojiddin Mirzo 1965 yil 30 iyul kuni Andijon shahrida tug‘ilgan.  1972-1982 yillarda Andijon shahridagi 30-maktabda tahsil olgan.  1983-1990 yillarda Toshkent davlat universiteti (Hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida ta’lim olgan. 1984-1986 yillarda harbiy xizmatni o‘tagan.  

Uning “Nilufar” (1996), “Visol xabari”(2002), “Yulduzim”(2007), “Ko‘nglim kurtaklari” (2015), “Gullash payti keldi, bog‘larim” (2015), “Muhabbat qarshingda bu jonim nadir”(2021) she’riy to‘plamlari, “Kamolot saodati” nomli nasriy va she’riy to‘plami, “Uyg‘onish ma’rifati”, “Saodatga eltuvchi qudratli kuch” (2008), “Ulug‘ xalq qudratining tajassumi” (2021) kabi ma’rifiy va esselar to‘plamlari, “Qayg‘u guli”,   “Sohibqiron yog‘dusi”, “Sog‘inch saltanati” dostonlari nashr etildi.  

Minhojiddin Mirzo tarjimon sifatida J.Bayron, G.Geyne,  A.Pushkin, Ya.Kolas, R.Hamzatov,  S.Yesenin,  M.Lermontov, shuningdek yapon, rus, belarus, arab shoirlari she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girdi.  

2019 yili uning tarjimasida Rasul Hamzatov she’rlari “Oq turnalar” (2019), belarus she’riyati namunalari “Salom senga, mehr diyori”  nomi ostida nashr etildi. She’rlari  ingliz, rus, tojik, koreys, turk, qoraqalpoq, qirg‘iz, malay, arab tillariga tarjima qilingan. U 500 dan ortiq  publitsistik va adabiy maqolalar, eshittirish va ko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar, shuningdek “Abdulla Oripov” badiiy filmi hammuallifi hisoblanadi.  

Uning adabiyotshunos sifatida Alisher Navoiy, Bobur, Cho‘lpon, Fitrat, Maqsud Shayxzoda, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Shukrullo, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Chustiy, Omon Matchon, Ikrom Otamurod, Erkin Malik, A’zam O‘ktam kabi ko‘plab o‘zbek adabiyoti, Rasul Hamzatov, Chingiz Aytmatov, Abay  kabi qardosh adiblar haqidagi tadqiqotlari, milliy adabiyot takomili, xalqaro adabiy aloqalar mavzuidagi maqolalari jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan.  

Ijodkor  Rossiya,Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon davlatlarida bo‘lib o‘tgan adabiy anjumanlarda faol ishtirok etib,  o‘zbek adabiyoti targ‘iboti, adabiy aloqalarni mustahkamlash ishiga munosib hissa qo‘shib kelgan.  

Minhojiddin Mirzo 1990-1997 yillarda  O‘zbekiston Respublikasi Davlat teleradio qo‘mitasi Adabiy dramatik eshittirishlar bosh muharririyati muharriri vazifasida ish boshlab, keyinchalik "Maorif va tarbiya" bosh muharririyati katta muharriri, bosh muharriri lavozimlarida faoliyat yuritgan.  1997-1998 yillarda  O‘zbekiston teleradiokompaniyasi "Yoshlik" bosh muharririyati bosh muharriri, 1998-2003 yillarda  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Ommaviy axborot vositalari bilan ishlash markazi, Fan, ta’lim va ijtimoiy muammolar  masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmatida konsultant lavozimlarida ish olib borgan.  

Ustoz ijodkor  2003-2006 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, 2005-2006 yillar davomida  "Sharq yulduzi" jurnali bosh muharriri (o‘rindoshlik asosida) sifatida mehnat qilgan.  

Keyinchalik  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Yoshlar, jamoat va nodavlat  tashkilotlari masalalari bo‘yicha xizmati bosh konsultanti,   Tashkiliy-kadrlar xizmati Yoshlar siyosati bo‘yicha sektori bosh inspektori vazifalarida faoliyat olib borgan.  

Uzoq yillar davomida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari,  O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vaziri, “Guliston” jurnali bosh muharriri,  O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi raisi (jamoatchilik asosida), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Ijro etuvchi apparati – Prezident  Matbuot xizmati tadbirlarni tayyorlash va yoritish sektor boshlig‘i, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari,  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari sifatida ish olib borgan.  

2020-2024 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Hozirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari  lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.  

Minhojiddin Mirzo  1999 yil “Shuhrat” medali, 2002 yil “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.  

Adabiy anjumanda ustoz ijodkor Minhojiddin Mirzoning serqirra va samarali mehnat faoliyati, ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida batafsil so‘z yuritildi.  

Ustoz ijodkor mamlakatimizda adabiyot ahliga qaratilayotgan cheksiz e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.  

N.Usmonova, O‘zA