Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanga xizmat qilish sharafdir
17:15 / 2025-03-08

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni

Hali-hali yodimda, bolaligimizda dadam singillarim bilan Jizzax shahriga sayohatga olib borib, muzeyni tomosha qildirgach, Jizzax harbiy aviatsiya oliy bilim yurti yaqinida joylashgan oshxonada ovqatlanayotganimizda shundoqqina yaqinimizdan bir guruh harbiylar o‘zlarining oshxonalariga tushlik qilgani o‘tib qolishgan va ular orasida harbiy kiyimi o‘ziga bichib qo‘ygandek yarashgan, xipchadan kelgan, bo‘ylari ham balandgina bir ayol e’tiborimni tortgandi.  

O‘shanda unga juda-juda havasim kelgandi. Uyimizga qaytayotib dadamga “Dadajon, men ham, katta bo‘lsam, albatta, harbiy bo‘laman!” deya xayolimda paydo bo‘lgan  istagimni aytdim.

Dadam “Astoydil harakat qilsang, Xudo xohlasa, albatta, orzuingga erishasan. Barakalla qizim!” deya yelkamga qoqib qo‘ydilar. Dadamning bu maqtovidan singillarim oldida go‘yo bir qarich o‘sgandek, o‘z xayolimdan  bolalarcha g‘ururlanib qo‘ydim.

Oradan yillar o‘tdi, ancha-muncha suvlar oqib ketdi. Bolalikdagi orzu borgan sari mening qalbimga tobora singib boraverdi. O‘sha bolalik orzularimni amalga oshirish uchun, dadajonim aytganidek, astoydil harakat qildim. Lekin o‘sha paytlarda qizlarning harbiy bo‘lishi u yoqda tursin, uyidan uzoqdagi texnikum yoki institutga o‘qishga yuborishi ham amrimahol  edi.  

Ayajonim “Qiz bolaga harbiyda balo bormi?” deb qarshi chiqqan bo‘lsalar-da, dadam meni har tomonlama qo‘llab-quvvatladilar, qo‘llaridan kelganicha yordam qildilar. Ayamni ham, boshqa qarindoshlarni ham o‘zlari ko‘ndirgandilar. Nihoyat orzuimga erishdim.

Bugun men ayol boshim bilan harbiylik kasbini tanlab aslo adashmaganimga yana bir bor aminman. Turmush o‘rtog‘im ham shu sohada xizmat qildi, hozir nafaqada. Meni quvontirgani o‘g‘limiz ham izimizdan borayotganidir. Bizning oilamiz uchun mamlakat hududlari tinchligini asrash, Vatanni himoya qilish eng oliy burch va ulkan sharafdir. Buni butun oila his etishi esa cheksiz baxt, deb o‘ylayman.

Keyingi yillarda harbiylar orasida borgan sari ayollar safi kengayib boryapti. O‘z hayotiy tajribamdan kelib chiqib, aytishim mumkinki, ayollar Vatanni himoya qilishda erkaklardan aslo qolishmaydi. Ayol kishi uchun harbiy bo‘lish osonmas, biroq ulkan faxr demakdir. Ayniqsa, dala o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashish xotin-qizlar uchun o‘zgacha va katta mashaqqatlar tug‘dirishi shubhasiz.Lekin menga o‘zi qishloq qizi bo‘lganim uchunmi dala mashqlari olam-olam zavq bag‘ishlaydi. Men hozir ham Vatanim osoyishtaligi uchun har narsadan, hatto jondan ham kechib xizmat qilishga tayyorman.  

Vatanimga xizmat qilish men uchun sharaf va men bundan faxrlanaman.

Xolida Xudoyberdiyeva,

kichik serjant.

O‘zA