Vatanga tayanch boʻlaylik
Tinchlik – bebaho neʼmat. Shu bois, insoniyat mudom tinchlikka intilib yashaydi.
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Tinchlik – bebaho neʼmat. Shu bois, insoniyat mudom tinchlikka intilib yashaydi. Xotirjam uxlab, bexavotir uygʻonish, osoyishta diyorda umrguzaronlik qilish – orzu-maqsadimiz. Har safar duoga qoʻl ochar ekanmiz, el-yurtimizga tinchlik, xotirjamlik soʻraymiz. Shu onda xalq tinchligi va osoyishtaligini taʼminlayotgan, mamlakatimiz sarhadlari daxlsizligini mustahkam himoya qilayotgan harbiylarimiz ham eslanadi.
Vatan himoyachilari bayrami arafasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etilgan “Men Vatanimga tayanchman” mavzuidagi tadbirda ana shu haqda soʻz bordi.
Faxriy harbiylar, sohaga ixtisoslashgan litseylar oʻqituvchi va oʻquvchilari ishtirok etgan tadbirda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati targʻibotchilari – “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri A.Meliboyev, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Sh.Yormatov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist R.Yarasheva mamlakatimiz tinchligi va farovonligida harbiylarning oʻrni beqiyosligi haqida gapirdi. Vatanni sevish, uning har bir qarich yerini eʼzozlash, avvalo yurt tinchligi va osoyishtaligiga hissa qoʻshib, uni har xil buzgʻunchi boʻhronlardan saqlashda jonbozlik koʻrsatishdan boshlanishini taʼkidladi.
– Vatanni sevish, asrash haqida gap ketganda koʻp misollar keltirish mumkin, – dedi A.Meliboyev. – Hindistonga borganimizda oʻzimizni doʻppimizni bizga yalinib, yolvorib sotishga urinayotgan sotuvchini koʻrdim. Undan biroz nari ketgach, doʻppilarimiz koʻzimga xuddi gʻaribdek koʻrina boshladi. Chiday olmasdan ortimga qaytib, oʻsha sakkiz dona doʻppini sotib olib, Oʻzbekistonga olib qaytganman. Vatanimning bir boʻlagini oʻsha yerda qoldirgim kelmagandi. Bu voqeani bejizga aytmadim. Vatan haqida yozish uchun “Vatan” deya qichqirmaslik kerak. Uni jimgina sevish ham mumkin. Vatanga qarata otilayotgan bittagina toshni qaytara olsak, uni badnom qilishga qaratilgan soʻzning yolgʻonligini isbotlab, keng jamoatchilikka yetkazsak, bu ham Vatanni chin sevishdir.
“Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi, Ichki ishlar vazirligi Toshkent 1-sonli akademik litseyi oʻquvchilarining badiiy chiqishlari davraga oʻzgacha fayz ulashdi. “Bulbulcha” raqs dastasi ijrosidagi quvnoq raqslar yigʻilganlarga bayramona tuhfa boʻldi. Vatan, ona tuproq va aziz xalqimiz haqidagi kuy-qoʻshiqlar, ifodali oʻqilgan sheʼrlar tadbir ishtirokchilariga takrorlanmas shukuh, koʻtarinki kayfiyat, iftixor va vatanparvarlik tuygʻularini ulashdi.
Tadbir soʻngida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi hamda Ichki ishlar vazirligi 1-sonli akademik litseyi kutubxonasiga “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan kitoblar sovgʻa qilindi.