Yosh avlodni vatanparvarlik, fidoyilik va yuksak fuqarolik mas’uliyati ruhida tarbiyalash bugun davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu jarayonda harbiy qism va muassasalar, shuningdek, kasbiy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan boshlang‘ich tashkilotlar muhim o‘rin tutadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat kengashi tashabbusi bilan viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi, yoshlar ishlari boshqarmasi hamda harbiy qism va muassasalar hamkorligida Jizzax davlat pedagogika universiteti akademik litseyida o‘quv-seminar tashkil etildi. Tadbir “Boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi va vazifalari, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati” mavzusiga bag‘ishlandi.
O‘quv-seminar harbiy qism va muassasalar hamda kasbiy ta’lim muassasalaridagi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari va yo‘nalish sardorlarining bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi. Unda yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini samarali o‘tkazish va yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Seminar davomida 2025 yilda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, 2026 yil yakuniga qadar yosh harbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma chora-tadbirlar dasturi ishtirokchilarga yetkazildi.
Mashg‘ulotlarda davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar, huquqbuzarlikka moyil yoshlar bilan manzilli ishlash, yoshlarni “Besh tashabbus olimpiadasi”ga keng jalb etish, shuningdek, yoshlar yetakchilari va koordinatorlarining media savodxonligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qatnashchilar uchun psixologik treninglar ham o‘tkazildi.
O‘quv-seminar yakunida faol ishtirok etgan yoshlar yetakchilari O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Qayd etilishicha, bunday o‘quv-seminarlar boshlang‘ich tashkilot yetakchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy tarbiyaviy yondashuvlarni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘quv-seminarda jami 130 nafar yoshlar yetakchilari va yo‘nalish sardorlari ishtirok etdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA