Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanga sadoqat, tinchlik va barqarorlikni ulug‘lovchi dastur
11:46 / 2025-08-08

Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi oldidan “Vatan manzumasi” nomli ma’naviy-ma’rifiy konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi harbiy qismlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bojxona xizmati xodimlari, yosh harbiy xizmatchilar hamda faol yoshlar ishtirok etishdi.

Prezident tavsiyalariga muvofiq, ikki yildan buyon Mudofaa va Madaniyat vazirliklari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda uning hududiy bo‘limlari hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan mazkur konsertning asosiy maqsadi — yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, tinchlik va barqarorlikni ulug‘lash, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini mustahkamlash.

Sahnada Harbiy qism ashula va raqs ansambli ijodkorlari ona yurtni madh etuvchi, tinchlik va osoyishtalik qadrini uqtiradigan kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar va musiqiy chiqishlar bilan ishtirokchilarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Ohanglar goh mardlik va jasorat, goh mehr va sadoqat tuyg‘ularini yuraklarga olib kirdi.

–  “Vatan manzumasi” dasturi bizga nafaqat ruhiy ko‘tarinkilik, balki yana bir bor tinchlik va barqarorlikning beqiyos qadrini his qildirdi. San’at orqali berilgan bu tuyg‘ular har bir yosh qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlaydi deb o‘ylayman, – deydi Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi xodimi Axror Ismatullayev.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limining rahbari Noriniso Qosimova esa bu tadbirning ma’naviy ahamiyati haqida shunday fikr bildirdi: – Mustaqillik bayrami oldidan o‘tkazilayotgan “Vatan manzumasi” konsertlari xalqimiz qalbida yurtga muhabbat, tinchlikka shukronalik tuyg‘usini yanada kuchaytiradi. San’at va adabiyot uyg‘unlashganda, inson qalbida ezgulik va bunyodkorlik ruhi yuksaladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri