Vatanni sevish, unga sadoqat bilan xizmat qilish, buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lish – Yangi O‘zbekiston yoshlari zimmasidagi sharafli va mas’uliyatli burch.
Shu ezgu maqsad yo‘lida “Yangi O‘zbekiston” majmuasidagi Mustaqillik monumenti poyida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga o‘qishga kirgan yoshlar tantanali qasamyod qabul qildi.

Ichki ishlar vaziri, sohaviy xizmatlar va Akademiya rahbariyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari, qator davlat organlaridan mehmonlar, soha faxriylari, bitiruvchilarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda marosimning mazkur maskanda o‘tkazilishida o‘ziga xos yuksak ma’no mujassamligi qayd etildi.

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishdagi yutuqlar, zamonaviy bilim va malakaga ega kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi. Ilmu ma’rifatning beshigi sanalgan tabarruk zaminimizdan dunyo sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar, milliy davlatchiligimiz ildizlariga asos solgan jahongir sarkardalar, istiqlol yo‘lida jon fido qilgan qahramonlar yetishib chiqqanini o‘sib kelayotgan avlod vakillari bilishi va ularga munosib bo‘lishga intilishi zarur. Yangi O‘zbekistonning istiqboli sifatida hayotga kirib kelayotgan yoshlarimiz ilmi, mardligi bilan buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishi, yurtimizga daxldorlik hissi bilan yashab, vatanparvarlik fazilatlarini amalda namoyon etishlari kerak.

Akademiyaga qabul qilingan yigit-qizlar Vatanga va xalqqa sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilishga qasamyod qabul qildi.
Aytish joizki, joriy yilda akademiya kursantlari safiga qabul qilingan o‘g‘il-qizlarga boshlang‘ich kasbiy va jangovar-jismoniy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida o‘quv-dala sharoitida mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Ular «Tezkor-qidiruv faoliyati», «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va probatsiya faoliyati», «Ekspert-kriminalistika faoliyati», «Jazoni ijro etish faoliyati», «Tashkiliy-shtab faoliyati», «Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash», «Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati» hamda «Terrorizmga qarshi kurashish faoliyati» yo‘nalishlariga bo‘lingan holda o‘qishlarini davom ettiradi.
Tantanali tadbirda o‘qishdagi yutuqlari bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan iqtidorli kursantlar “Jaloliddin Manguberdi” nomidagi maxsus stipendiya bilan taqdirlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA