O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Olmaliq o‘quv bazasidagi tantanali marosimda Kasbiy tayyorgarlik fakultetining navbatdagi tinglovchilari qasamyod qabul qildilar. Bu marosim ularning tanlagan kasbiga bo‘lgan sadoqati, Vatanga, xalqqa xizmat qilishga tayyor ekanliklarining ramziy ifodasi bo‘ldi.
Tadbirda Institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari, tinglovchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etishdi.
Tadbir boshida o‘zining shijoati va bilimi bilan namuna ko‘rsatgan tinglovchilar tomonidan saf maydoni bo‘ylab o‘zgacha g‘urur va chuqur mas’uliyat bilan baland ko‘tarilgan holda davlatimiz bayrog‘i vazirlik orkestri ijrosi ostida, tantanali ravishda olib o‘tildi hamda bir chiziqda roslanib saf tortgan tinglovchilar va boshqa ishtirokchilar tomonidan davlatimiz madhiyasi ijro etildi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan institut boshlig‘i, polkovnik Olimjon Axmedov o‘z nutqida istiqlol yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida professional asosdagi ichki ishlar organlari shakllangani, ushbu tizimda xizmat olib borayotgan xodimlar xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida mas’uliyat bilan xizmat olib borayotganliklarini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng, fakultet tinglovchilari O‘zbekiston Respublikasiga, xalqimizga va Prezidentimizga sadoqat bilan xizmat qilish borasidagi tantanali qasamyodni qabul qildilar.
So‘zga chiqqan faxriylar, tinglovchilarning yaqinlari hamda boshqa qatnashchilar Qasamyod qabul qilgan tinglovchilarga kelgusidagi sharafli xizmat faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Tinglovchilar o‘z qasamyodlariga sodiq qolgan holda mas’uliyat hamda shijoat bilan ish olib borishlariga umid bildirib, ularning kelgusidagi faoliyatida omad hamda zafarlar tilaymiz.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/AKY_tUDgyaQ?si=YC7zvwiWDH3qOnSr" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA