Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Akademiyasida 2025 yilda o‘qishga qabul qilingan yosh kursantlarning “Vatanga qasamyod” qabul qilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyati, faxriylar, bitiruvchilarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab yosh kursantlar tomonidan mustaqillik yillarida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari sharafiga o‘rnatilgan memorial yodgorlik poyiga gulchambar qo‘yildi. Yodgorlik oldidan tantanali saf tortib o‘tgan yigitlarning qalbida Ona vatanga sadoqat, ertangi kunga ishonch jo‘sh urdi.

So‘nggi yillarda olib borilgan tub islohotlar natijasida Vatanimizni turli xavf-xatarlardan mustahkam himoya qiladigan, ichki va tashqi tahdidlarga qarshi samarali tarzda kurashishga qodir maxsus xizmatining mukammal shakli vujudga keldi, davlat xavfsizligini ta’minlash tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi.
Ta’kidlash lozimki, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lini qo‘llab-quvvatlovchi, o‘z xalqi va Prezidentiga sodiq, millat sha’ni va or-nomusi uchun kurashuvchi, davlat manfaatlarini munosib himoya qilishga qodir, har tomonlama yetuk va vatanparvar ofitser kadrlarni tayyorlashda Amir Temur nomidagi Davlat xavfsizlik xizmati Akademiyasining alohida o‘rni bor.

Akademiyada kursant va tinglovchilarda kasbiy bilimlarni, ko‘nikma va mahoratni shakllantirish, harbiy bilimlarni egallashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa nazariy bilimlar amaliyot bilan uyg‘un ravishda olib boriladigan o‘qitishning dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, kursantlarda vatanparvarlik, o‘z xalqiga astoydil xizmat qilish tuyg‘ulari tarbiyalanadi, kasbni to‘g‘ri tanlaganiga ishonch shakllanadi, xizmat burchiga sadoqat singdiriladi.
Tadbir yakunida taniqli san’atkorlarning vatanni madh etuvchi kuy – qo‘shiqlari va chiqishlari bayram shukuhiga yanada zavq ulashib, barcha ishtirokchilar va taklif etilgan mehmonlarda iliq taassurotlar qoldirdi.
Kamola YUSUPOVA,
Muhammad AMIN (surat), O‘zA