Dunyo miqyosida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarning soni tobora ortib bormoqda. Xususan, dunyoning 100 dan ziyod universitetlarida o‘zbek tili fan sifatida o‘qitilayotgani barchamizga faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
“Davlat tili haqida"gi qonun qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Ona Vatanga muhabbat va sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi” mavzusidagi ilmiy seminarda ana shular haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutining tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda 21 oktyabr sanasi xalqimiz hayotida beqiyos o‘ringa ega ekanligi ta’kidlandi.


Bugungi kunda dunyo tillarining soni 7 mingdan ortib, mazkur tillarning 14 tasida insoniyatning uchdan ikki qismi gaplashadi. Ushbu tillarning har birida so‘zlashadiganlar soni esa 50 milliondan ziyod. 200 ga yaqin til davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega ega.
Shu nuqtai nazardan qaralganda ham O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan deb aytish mumkin.

Davra suhbati davomida adiblar tomonidan o‘z she’rlaridan tadbir ishtirokchilariga o‘qib eshittirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA