Samarqandda ayni paytda xorijiy davlatlarda mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarning farzandlari uchun Yangi yil bayrami tadbiri tashkil etildi.
Samarqand viloyati hokimligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi, Migratsiya agentligi viloyat filiali va boshqa tashkilotlar hamkorligida uyushtirilgan tadbirga barcha tuman va shaharlardan 100 nafardan ortiq bolajonlar taklif etildi. Ular uchun dastlab viloyat musiqali drama teatrida “Yangi yil ertagi” bayram tomoshasi namoyish qilindi. So‘nggra shahardagi tarixiy-madaniy yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarga sayohat tashkil etildi.
Bolalar uchun bayram dasturxoni yozilib, ularga yangi yil sovg‘alari ulashildi. Viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev xorijda migratsiyada bo‘lgan yurtdoshlarimizning halol mehnat qilib ro‘zg‘or tebratayotgani, bu bilan nafaqat o‘z oilasi, balki viloyatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashga ham hissa qo‘shayotganini e’tirof etdi. Tadbir qatnashchilarini Yangi yil bayrami bilan tabrikladi.
– O‘g‘lim xorijda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanyapti, qonuniy tartibda ishlayapti, – deydi Oqdaryo tumanida yashovchi Nazokat Xidirova. – Shukr, oilasi tinch, ro‘zg‘ori but. Yangi yil bayrami munosabati bilan viloyat hokimligi boshqa bolalar qatori mening nabiralarimni ham ushbu tadbirga taklif etganidan xursand bo‘ldik. Bu davlatimizning xorijda ishlayotgan o‘z fuqarolariga bo‘lgan e’tiborining natijasi deb bilaman.
[gallery-27022]
Migratsiya agentligi viloyat filiali rahbari Laziz Ibragimovning qayd etishicha, bugungi kunda samarqandlik 170 mingga yaqin fuqaro xorijiy davlatlarda mehnat qilmoqda. Ularning ish faoliyati, yashash sharoiti hamda oilaviy ahvoli tegishli idoralar bilan hamkorlikda doimiy o‘rganilib, zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari