Prezidentimiz xirurgiya xizmatini transformatsiya qilishga oid taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda xirurgiya sohasida oxirgi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning ahamiyati to‘g‘risida fikr yuritildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yiliga o‘rtacha 750 mingta jarrohlik amaliyoti bajariladi. O‘tgan 5 yil davomida respublika markazlarida qilinadigan operatsiyalar turi 350 taga, viloyat markazlarida 130 taga, tuman shifoxonalarida esa 60 taga yetdi. 32 ta shifoxonada zamonaviy endovaskulyar xirurgiya bo‘limlari tashkil etildi. Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 14 ta hududiy filiali ish boshladi.
Ta’kidlash kerak, tibbiyot sohasida erishayotgan yutuqlarimiz, bevosita xalqimizga ham qulaylik yaratmoqda. Yuzlab vatandoshlarimiz xorijga chiqib davolanib kelishdek murakkab va uzoq davom etadigan «boshog‘riq»dan qutildi. Global pandemiya sharoitida buning ahamiyati g‘oyatda muhim ekanini har birimiz yaxshi tushunamiz, albatta.
Jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan inson yaxshi tushunadi. Bemor dastlab malakali tibbiy xizmat ko‘rsata oladigan shifoxona, undan keyin jarrohlik amaliyoti uchun zarur mablag‘ni topishi kerak. Boz ustiga, bugungi kunda «operatsiya»larning summasi ham oz emas. Bu borada kam ta’minlangan oilalarning qiynalib qolayotgani esa hech kimga sir emas edi. Prezidentimiz ana shu og‘riqli muammoga ham o‘z vaqtida yechim topib berdilar.
2020 yilda davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma aholining kam ta’minlangan qatlamini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, jarrohlik amaliyotiga muhtoj kam ta’minlangan oilalarga ham katta ko‘mak berib kelmoqda. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan yuzlab vatandoshlarimizga yangi hayot berildi. Jumladan, jigar va buyrak transplantologiyasi yo‘nalishida ham o‘nlab vatandoshlarimizga moddiy ko‘mak ajratildi. Masalan, Quyi Chirchiq tumanidagi «Uch chinor» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Farangiz Nazarovaga buyrak transplantoliyasi uchun 105 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgan bo‘lsa, oltiariqlik Odina Solijonovaga 48 million so‘m pul ajratildi.
Jamg‘arma hisobidan jigar transplantologiyasi uchun ham mablag‘lar ajratib kelinmoqda. Jumladan, beruniylik Amirxon Maratov hamda yozyovonlik Asilbek Abduvohidovga 10 million so‘mdan pul ajratib berildi. Shu o‘rinda yana bir fikrni ta’kidlab o‘tish lozim. «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatilayotgan moddiy yordamlar Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatlari bilan kelishgan holda amalga oshirilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirdi. Bu esa vatandoshlarimizning davlatdan rozi bo‘lib yashashiga, ertangi kunga umid bilan qarashiga zamin hozirlaydi.
Hasan SALOMOV,
«Mahalla» xayriya jamoat fondi
respublika boshqaruvi matbuot kotibi