Sirdaryo viloyati delegatsiyasi a’zolari Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida vatandoshlarimiz bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasining Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi konsuli Rustam Ismoilov ishtirok etdi.
Dastlab, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Shoxrux Isakulov so‘zga chiqib, Navro‘z umumxalq bayrami bilan yig‘ilganlarni tabrikladi. O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar haqida gapirdi. Shuningdek, vatandoshlarga O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga rioya qilish, turli yot g‘oyalarga ergashmaslik kabi muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murodjon Hayitov Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” nomli kitobi mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirdi. Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorining ahamiyati, “Inson qadri uchun” tamoyiliningaholi hayotidagi o‘rni tobora ortayotgani haqida batafsil ma’lumot berildi. Mazkur kitob va qabul qilingan yangi qarorda yuksak insonparvar g‘oyalarning amaliy yechimlari aniq ko‘rsatib o‘tilgani hayotiy misollar bilan tushuntirildi.

Guliston davlat universitetining dotsenti Akmal Abduvohidov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni mazmun-mohiyati haqida tushuncha berdi.
Maqsadi aniq xalqning – kelajagi porloq bo‘ladi. Vatandoshlar bilan uchrashuvda do‘ppi va Sirdaryo viloyati hokimligining sovg‘alari yurtdoshlarimizga ulashildi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA