O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi tomonidan referendum targ‘ibotiga bag‘ishlab «Konstitutsiya o‘zimizniki» shiori ostida tadbir tashkil etildi.
Poytaxtimizdagi «Do‘stlik bog‘i»da bo‘lib o‘tgan tadbirda ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor shaxslar, OAV vakillari hamda san’atkorlar ishtirok etdi.
– Yangi qabul qilinayotgan Konstitutsiya loyihasida nogironligi bor shaxslarning manfaatlari va haq-huquqlari mustahkam ta’minlanayotgani quvonarlidir, – deydi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi rais maslahatchisi Baxtiyor Abdujabborov. – Ilgari imkoniyati cheklangan odamlarga pensiyangiz bor, siz ishlamasangiz ham yetadi, mazmunidagi gaplarni aytishar edi. Endilikda, imkoniyati cheklangan insonlarni ishga qabul qilish masalasiga sog‘lom odamlar qatori muhim deb qaralayotgani meni quvontiradi.
[gallery-11484]
Yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– Meni ulg‘aytirgan, o‘stirgan, ilm bergan O‘zbekistonimni yaxshi ko‘raman, – deydi O‘zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov. – Erkin Vohidov aytganidek, «Yana Erkin qilur takror, Vatandin yaxshi yor o‘lmas». Inson uchun eng yaxshi do‘st, albatta, u yashab turgan Vatani, tug‘ilib o‘sgan yurtidir. Vatanimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarga befarq bo‘lmasligimiz kerak.
30 aprelda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz xalq muhokamasiga qo‘yilib, bildirilgan takliflar asosida yangilanyapti. Konstitutsiyamiz yana ham mukammal bir holatda vujudga kelyapti. Tadbirda ana shular haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, Orolmirzo Safarov ijrosidagi qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
Nigora Rahmonova, O‘zA