Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Vatandan ayro baxt yo‘q”
12:06 / 2025-08-26

Yangi kitoblar

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibi, taniqli adib Habib Siddiqning mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligiga bag‘ishlangan publitsistik maqolalar, esselar, mushohadalardan iborat “Vatandan ayro baxt yo‘q” nomli yangi kitobi nashrdan chiqdi. 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, ustoz ijodkor Ahmadjon Meliboyev kitob so‘zboshisida shunday yozadi: “Badiiy publitsistika jamiyatda kechayotgan jarayon¬larga, dunyo miqyosida yuz berayotgan, odamlar ong-shuu¬riga, dunyoqarashi va turmush tarziga ta’sir ko‘rsata¬yotgan voqea-hodisalarga xolis munosabat bildiruvchi ijodiy tafakkur mahsulidir. Bu janr o‘quvchi ongiga tez ta’sir ko‘rsatadi, biror vazifa yoxud muammo xusu¬sida jamoatchilik fikrini yuzaga keltiradi”.

Darhaqiqat, Habib Siddiq keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jamiyatimiz ma’naviy hayotidagi o‘zgarishlar, fidoyi zamondoshlarimiz, ilm-fan, adabiyot va san’at namoyondalari haqida mamlakatimizdagi qator ommaviy axborot vositalarida ko‘plab chiqishlar qilgan. Adib ana shu chiqishlari orqali jamiyatdagi islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini, yurtdoshlarimizni ana shu jarayonlarga daxldorlik hissi bilan yashash, faol ishtirokchisiga aylanish, Vatanni sevish, ulug‘lash, bir so‘z bilan aytganda, shu Vatanning fidoyisiga aylanishni keng targ‘ib etdi, o‘quvchilarning mustaqil fikrini shakllantirishga, ularga ma’naviy ruh berishga, motivatsiya ulashishga harakat qildi.  

Yillar davomida yaratilgan ana shu ijodiy ishlar endi bir to‘plamga jamlangan, ya’ni “Vatandan ayro baxt yo‘q” nomli kitob holida o‘quvchilarning tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishga, fuqarolik pozitsiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.  

–Kuni kecha bo‘lib o‘tgan “Eng ulug‘, eng aziz!” tanlovi viloyat bosqichida ijodkorlarning publitsistik asarlari nominatsiyasi bo‘yicha ushbu kitobim uchun menga birinchi o‘rin nasib etdi, – deydi adib Habib Siddiq. –  Albatta, kitobim mutaxassislar tomonidan e’tirof etilganidan, g‘oliblikka munosib ko‘rilganidan xursandman. Bu menga yanada ko‘proq shijoat, kuch va ilhom beradi. Yangi kitobim kitobxonlar, o‘quvchilarga manzur bo‘lsa, ko‘p o‘qilsa, eng asosiysi, ular tomonidan e’tirof etilishini istayman. Kitobxonlar e’tirofi ijodkor, uning asari uchun berilgan  eng yuqori baho bo‘ladi.  

Yozuvchi Habib Siddiq o‘zining qissa, hikoya, hajviya va hangomalari, komediya va miniatyuralari bilan o‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtalaridan adabiyot ixlosmandlariga tanish va ko‘pchilik muxlislar uni hajvchi ijodkor sifatida tanishadi. Uning hajv va hangomalari rus, ingliz, turk, qozoq, qirg‘iz va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.  

Vatan madhi, istiqlol g‘oyalari, yurtdoshlarimiz qalbida ertangi kunga ishonch, fidoyilik, halollik, daxldorlik, shukronalik, o‘zgalarga mehr ko‘rsatish, yurt ravnaqi uchun munosib xizmat qilishdek yuksak insoniy tuyg‘ular tarannum etilgan ushbu kitob ishonamizki keng kitobxonlarga manzur bo‘ladi.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari