Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatan ichra sayohat saodatdir
14:00 / 2014-08-07

Kursdoshlarimiz bilan an’anaviy uchrashuvimizni har gal yurtimizning turli viloyatlarida o‘tkazamiz. Ham diydor ko‘rishamiz, ham sayohat qilib dam olamiz. Bu safar Samarqandda yig‘ildik.

Kursdoshlarimiz bilan an’anaviy uchrashuvimizni har gal yurtimizning turli viloyatlarida o‘tkazamiz. Ham diydor ko‘rishamiz, ham sayohat qilib dam olamiz. Bu safar Samarqandda yig‘ildik.

“Registon” mehmonxonasi foyyesi gavjum. Odamlar ro‘yxatdan o‘tish uchun navbat kutib turibdi. Chekkaroqda o‘tirgan yetmish yoshlardagi onaxonni nabirasi tinmay savolga tutadi.

– Buvijon, Registon maydoniga qachon boramiz? Anavu, kitoblarimda rasmlari bor-ku, bilasizmi? U yerda rasmga tushamizmi?

– Boramiz. Hamma joyga boramiz. Rasmlarga ham tushamiz.

Men qiziqsinib onaxonning yoniga borib o‘tirdim. Safarining sababini so‘radim.

– Biz Buxorodan, – deydi o‘zini Zaynab momo deb tanishtirgan onaxon. – Mahalladosh keksalar nabiralarimiz bilan sayohatga keldik. Nasib bo‘lsa, keyinroq Xivaga bormoqchimiz. Zomingami, Toshkentgami borib, bir dam olib kelish niyatimiz ham bor.

Ha, yurtimizning har bir go‘shasi o‘ziga xos an’analari, tarixiy obidalari, tabiiy iqlim sharoiti bilan diqqatga sazovor. Aholi daromadlari oshib borayotgani va sayyohlik infratuzilmasi takomillashayotgani samarasida mamlakatimizda ichki turizm tobora rivojlanmoqda. Yurtimiz bo‘ylab sayohat qilish, tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish an’anaga aylanmoqda.

Mamlakatning sayyohlik imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda ichki turizmni rivojlantirish muhim o‘rin tutadi. Zotan, har qanday yangi turistik mahsulotga, avvalo, mahalliy sayyohlarda qiziqish uyg‘otib, so‘ngra xorijliklarga taqdim etish samarali yo‘l ekani xalqaro tajribada o‘z tasdig‘ini topgan. Masalan, jahon sayyohlik sanoatida yetakchi o‘rinni egallagan Ispaniyada aholining 90 foizi mamlakat bo‘ylab sayohat qiladi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotning barcha sohalari qatori turizm rivojiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Transport va xizmat ko‘rsatish sohasi yaxshilanmoqda. Sayyohlarga zamonaviy shart-sharoit, yangi turistik yo‘nalishlar taqdim etilmoqda. Xalqaro va mahalliy aeroportlar, zamonaviy temir yo‘l va avtomobil transporti, to‘qqiz yuzdan ziyod sayyohlik korxonasi ularga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi natijasida sayyohlik infratuzilmasi izchil taraqqiy etmoqda, milliy turistik xizmatlar xalqaro sayyohlik bozorlarida o‘z o‘rnini topayotir.

– Ichki turizm iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini yuksaltirishning muhim omilidir, – deydi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi raisi Farrux Rizayev. – Shu maqsadda mamlakatimizda hududlarning sayyohlik imkoniyatlarini oshirish va targ‘ib etish, kurortlar hamda sayyohlik tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Har bir hududning o‘ziga xos jihatlari, ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. Masalan, tarixiy obidalar kamroq bo‘lgan joylarda ekoturizm, geoturizm, off-road sayohatlari, tog‘li zonalarda alpinizm, rafting kabi ekstremal turistik xizmatlar tashkil etilmoqda. Bugungi kungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Jizzax va Xorazm viloyatlarida bir qancha o‘tov oromgohlari, kempinglar, dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari barpo etilib, sayyohlar uchun turli xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Samarqandning sayyohlik salohiyati haqida ortiqcha gapirishga hojat yo‘q. Bu qadimiy zaminning betakror obidalari, muqaddas qadamjolari butun dunyoga mashhur. Istiqlol yillarida Samarqand yanada chiroy ochdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Registon majmuasi, Amir Temur va Ruhobod maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Hazrati Xizr va Bibixonim masjidlari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ular atrofida chiroyli bog‘ va xiyobonlar barpo etildi. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy qadamjolari obod qilindi. Avvalo xalqimiz, qolaversa, butun insoniyat boyligi hisoblangan ushbu yodgorliklar 2001-yili YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Bugungi kunda Samarqandda yuzdan ziyod sayyohlik firmasi va yuzga yaqin mehmonxona faoliyat ko‘rsatayotir. Ular yordamida har yili minglab yurtdoshlarimiz bu yodgorliklarni ziyorat qilmoqda, maroqli dam va ma’naviy ozuqa olmoqda.

Buxorodagi madaniy va tarixiy yodgorliklarni har yili minglab yurtdoshlarimiz ziyorat qiladi. Tashkilot va o‘quv muassasalari bilan hamkorlikda viloyatga keluvchilar uchun imtiyozli narxlar asosida sayohatlar uyushtirilmoqda. Bu yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarning Buxoro tarixi, madaniy merosi, istiqlol yillarida bu yerda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 20-fevralda qabul qilingan “Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bu yerda ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Shahrisabzni zamonaviy turizm markaziga aylantirish maqsadida sayyohlik inshootlari barpo etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, transport infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Sayyohlik sohasida Qashqadaryo viloyatining foydalanilmagan imkoniyatlari juda ko‘p, – deydi Shahrisabz sayyohlik va ekskursiyalar byurosi raisi Gulnora Odilova. – Hukumatimizning Shahrisabz shahrida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga oid qarori bu imkoniyatlarni to‘la ishga solish, viloyatimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Qadim Nasaf, Sohibqiron Amir Temur qadamjolari har bir sayyohni maftun etadi. Viloyatimizda so‘lim maskanlar juda ko‘p. Turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibordan foydalanib, ushbu tarixiy qadamjolar va oromgohlarga yurtdoshlarimizni kengroq jalb etish niyatidamiz.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab uch yo‘nalishda – “Tarixiy-madaniy turizm”, “Ekoturizm” va “Safar turizmi” loyihalari doirasida sayohatlar uyushtirilmoqda. Mazkur yo‘nalishlar “Tuproqqal’a”, “Ayozqal’a”, “Mizdaqxon qal’a”, “Chilpiq” kabi qadimiy yodgorliklar, Ustyurt kengliklari, Sudoche ko‘li hamda Amudaryo sohilidagi tabiiy maskanlarni qamrab olgan. Orolbo‘yiga sayyohlarni yanada ko‘proq jalb etish maqsadida tabiiy suv havzalarida baliq, o‘rdak ovlash bo‘yicha yangi yo‘nalishlar tashkil etilgan.

Qoraqalpog‘istonning yana bir “tashrif qog‘ozi” I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq Davlat san’at muzeyidir. To‘qson mingga yaqin fondga ega mazkur muzey eksponatlarining muhimligi jihatidan dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi. Uning nomi Luvr, Ermitaj muzeylari, Drezden, Tretyakov galereyalari qatorida tilga olinadi. Muzeydagi asarlardan Germaniya, Fransiya, Italiya, AQSh, Avstraliya, Rossiya, Gollandiya va Ispaniyada ko‘rgazmalar tashkil etilgan. Paleolit davridan boshlab hozirgi davr madaniyatiga oid eksponatlarni qamrab olgan ushbu muzey qadimiy Xorazmning moddiy va badiiy-madaniy yodgorliklari, Orolbo‘yi mintaqasi xalqlari amaliy san’ati namunalari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda.

– Ilgari Qoraqalpog‘istonga turistlar kam kelardi, – deydi “Ayozqal’a-tur” sayyohlik kompaniyasi direktori Dilbar Karimberdiyeva. – Qiziqarli yo‘nalishlar ishlab chiqilmagan, xizmat ko‘rsatish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan edi. Prezidentimiz tomonidan sayyohlik sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida Qoraqalpog‘istonda ham turindustriya shakllandi. Bu yerga sayohatga keluvchilar ko‘paydi. Ijtimoiy infratuzilma rivojlangani, qolaversa, hududimizning turizm markazlaridan biri bo‘lmish Xivaga yaqinligi bunda muhim o‘rin tutmoqda. Kompaniyamiz yurtdoshlarimizning Qoraqalpog‘istonga, mahalliy aholining Xiva, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Andijon, Qo‘qon, Marg‘ilon, Shahrisabz va Termiz kabi shaharlarga sayohatini tashkil etib, yaxshi natijalarga erishmoqda.

Davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatida 2013-2015-yillarda sayyohlik sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq viloyatda keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, Xiva tumanidagi Bog‘ishamol, Eshon Ravot obyektlarida qurilish ishlari yakunlandi. Nurlaboy, Bog‘ishamol majmualari, Otajon To‘ra madrasasi, Chodira hovli, Muzxona kabi o‘nga yaqin madaniy meros obyektlari, O‘lkashunoslik muzeyi, Qo‘g‘irchoq teatri ta’mirlandi. Viloyatdagi barcha madaniy meros obyektlarining yagona reyestri yaratildi. Ma’mun akademiyasi bilan hamkorlikda har bir obyektning madaniy-tarixiy ahamiyati bo‘yicha axborot-ma’lumot bazasi shakllantirildi. Hozirgi kunda viloyatda 27 mehmonxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, 2015-yilga borib ular sonini 57 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Surxondaryo viloyati sobiq tuzum davrida yopiq hudud hisoblanardi. Viloyatdagi noyob tarixiy yodgorliklar qarovsizlikdan xarob ahvolga tushib qolgan edi. Istiqlol yillarida bu yerda keng va ravon yo‘llar, shinam mehmonxonalar, zamonaviy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bunyod etildi. Tarixiy obidalar qayta tiklanib, buyuk allomalar qadamjolari obod etildi. Sulton Saodat majmuasi, Iso Termiziy, Hakim Termiziy, So‘fi Olloyor maqbaralari bugun yurtdoshlarimizning ziyoratgohiga aylangan.

Viloyatda Termiz-Denov, Termiz-Boysun va Termiz-Muzrabot yo‘nalishlari bo‘ylab qiziqarli sayohatlar uyushtirilmoqda. Ular orqali mehmonlar purviqor tog‘lar tabiati, Surxondaryoning o‘ziga xos madaniy merosidan bahramand bo‘lmoqda. Sariosiyo tumanidagi Sangardak sharsharasi, Sherobod tumanidagi Zarautsoy g‘ori yo‘nalishlarida ekoturizm rivojlanmoqda. Boysun tumanidagi Omonxona sanatoriysida yurtdoshlarimiz salomatligini tiklamoqda.

O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, Buxoro viloyatidagi “Jayron” ekomarkazi, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani, Jizzax viloyati Zomin tumanidagi tabiiy hududlarda ekoturizm infratuzilmalari yaratilgan. Ayniqsa, ajoyib flora va faunaga ega Zominning ekologik sayyohlik sohasidagi salohiyati juda yuqori. U yerda rekreatsion – dam olish va sog‘liqni tiklash maqsadlariga xizmat qiluvchi ko‘plab resurslar mavjud. Dengiz sathidan 3000 metr balandlikda joylashgan sihatgohlarda nafas yo‘llari, teri va asab kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar shifo topmoqda.

Yurtimiz sayyohlik sanoatining taraqqiyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji ham muhim o‘rin tutmoqda. Ular yangi turistik marshrutlarni ishlab chiqish, tarixiy-arxeologik bog‘lar barpo etish, sayyohlarga zamonaviy servis xizmati ko‘rsatishda faol ishtirok etmoqda. Buning natijasida ko‘plab yangi ish o‘rinlari tashkil etilmoqda, xalqimiz farovonligi yanada oshmoqda.

O‘zbekistondek o‘tmishi boy, tabiati rang-barang mamlakat dunyoda kam. Xushmanzara oromgohlarimiz xorijning mashhur kurortlari bilan bemalol bellasha oladi. Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, o‘zbekona bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik sayyohlikni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochaveradi.