Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
12:00 / 2025-08-07

Mustaqillik bayramining 34 yilligi arafasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilayotgan "Umummilliy birdamlik festivali" mamlakatimiz bo‘ylab quloch yozmoqda.

Festival Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi  hamda qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

“Umummilliy birdamlik festivali” dastlab go‘zal Farg‘ona vodiysi va yurtimizning janubiy sarhadlari - qadim Surxon vohasi zaminida start oldi. Jumladan, 5-6 avgust kunlari Qo‘qon, Marg‘ilon, Farg‘ona, Buvayda, Bog‘dod, Quva, Rishton, Uchko‘prik, Dang‘ara, shuningdek, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Angor, Boysun, Qiziriq, Bandixon tuman va shaharlarida tashkil etildi.

Aytish mumkinki, bu yilgi festival doirasida o‘tkazilayotgan loyihalarning xalqchilligi, maqsadliligi va rang-barangligiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, “Inson qadri”, “Umummilliy birdamlik”, “Dildagi gaplar”, “Maslahat oshi”, “Farovon hayotga ilk qadam”, “Baxtli bolalik sharafiga”, “Shijoat” nomli ijtimoiy, vatanparvarlik loyihalari “Kitob marafoni” aksiyalari, “Qasamyod” spektakli namoyishi, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida gala-konser dasturlari shular jumlasidan.

Mazkur loyihalarda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, professor olimlar, taniqli shoiralar, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar, shuningdek, yosh san’atkorlar o‘z chiqishlari bilan festivalga o‘zgacha fayz baxsh etishdi.  

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan ushbu festival xalqimiz qalbidan joy olib bormoqda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Festival sababli ilm-ma’rifat, adabiyot va san’at ahli, kinoaktyor, taniqli xonandalar yurtimiz bo‘ylab chekka tuman, mahallalargacha borib, odamlar bilan yuzma-yuz suhbatlashmoqda.  Ular bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va jahonda yuz berayotgan voqeliklarning asl mazmun-mohiyati borasida dildan suhbatlar qilinib, go‘zal she’r, kuy-qo‘shiqlar bilan yurtdoshlarimiz orasida o‘zaro mehr rishtalari bog‘lanmoqda, yuraklarga ezgulik kurtaklarini qadamoqdalar.

Albatta, bunday uchrashuvlar ko‘ngillarda izsiz ketmaydi. Zero, odamlar qalbida yuksak insoniy fazilatlar ilm-ma’rifat, mehr-saxovat, hamjihatlik, milliy birdamlik, bag‘rikenglik kabi tuyg‘ularning jo‘sh urishi va aholida ijtimoiy faollikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

N.Usmonova,

O‘zA