Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Vatan taraqqiyotiga mening hissam» – Toshkent viloyati bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi
17:24 / 2021-12-16

Olmaliq shahrida «Vatan taraqqiyotiga mening hissam» respublika tanlovining Toshkent viloyati bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Mazkur tanlov Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya va Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Maqsad, ilm-fan, san’at, madaniyat, axborot texnologiyalari, badiiy ijod, arxitektura va dizayn, tadbirkorlik va hunarmandchilik kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan, tashabbuskor va fidoyi talaba-yoshlarni rag‘batlantirishdan iboratdir.

Tadbirda mamlakatimizda iqtidorli yoshlarning faoliyati, erishgan yutuqlarini yurtimizdagi barcha yigit-qizlarga ibrat va namunaga aylantirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Tanlovning saralash bosqichlari joriy yil 8-22 noyabr kunlari barcha tuman va shaharlarda «Milliy maqom va milliy estrada», «Tasviriy va amaliy san’at», «Adabiyot va publitsistika» yo‘nalishlarida o‘tkazildi. Unda ishtirok etish uchun 400 nafarga yaqin nomzod ariza topshirgan bo‘lib, 66 nafar ishtirokchi viloyat bosqichiga tavsiya etildi.

Barcha ishtirokchilarning ijodiy ishlari, asarlari hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqildi.

Tadbir davomida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limining barcha hududiy vakillariga tashkilotchilar tomonidan kompyuter jamlanmasi topshirildi.

Shundan so‘ng «Vatan taraqqiyotiga mening hissam» respublika tanlovining Toshkent viloyati bosqichi g‘oliblari aniqlandi.

Jumladan, «Milliy maqom va milliy estrada» yo‘nalishida birinchi o‘rinni Angren shahridan Shahzod Abduqulov egalladi. Ikkinchi o‘ringa Ohangaron tumanidan Ortiqali Isroilov va Chinoz tumanidan Azizbek O‘rinboyev loyiq ko‘rildi. Uchinchi o‘rinni Qibray tumanidan Behro‘z Baxtiyorov, Parkent tumanidan Qudrat Shavkatov va Yangiyo‘l tumanidan Nozima Rahmonova egalladi.

«Tasviriy va amaliy san’at» yo‘nalishida birinchi o‘ringa bir-biridan chiroyli asarlari uchun Angren shahridan Abdurahim Uralov munosib qo‘rildi. Ikkinchi o‘rinni Chinoz tumanidan Nargiza Yo‘ldosheva va Qibray tumanidan Saydullaxo‘ja Rahmatov qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rinni Zangiota tumanidan Temur Botirov va Nurafshon shahridan Umid Ahmedov egalladi.

Shuningdek, «Adabiyot va publitsistika» yo‘nalishida birinchi o‘ringa O‘rta Chirchiq tumanidan Otabek Isroilov turli mavzulardagi jurnalistik materiallari uchun loyiq topildi. Ikkinchi o‘ringa Angren shahridan Otabek Bakirov va Nurafshon shahridan Sevinch Azarovaga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa Olmaliq shahridan Dilafruz Toshpo‘latova, Quyi Chirchiq tumanidan Muhammad Yusufboyev va Ohangaron shahridan Shoira To‘laganova egalladi.

– Yosh iqtidor egalari iste’dodini ro‘yobga chiqarishda bu kabi tanlovlarning o‘rni katta, – deydi tanlovning "Adabiyot va publitsistika" yo‘nalishi g‘olibi Otabek Isroilov. – Ijodkor yoshlarga ko‘rsatilayotgan bunday rag‘bat ijodkor yosh avlod uchun chinakam dalda, katta e’tirofdir. Bunday rag‘bat barchamizga kelgusi faoliyatimizda katta mas’uliyat yetaklaydi.

Barcha g‘oliblar tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Tashkilotlar tomonidan ularga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

A.Musayev, O‘zA