Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda iste’dodli, tashabbuskor, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” Respublika tanlovi o‘tkazilmoqda.

Farg‘onada mazkur tanlovning viloyat bosqichida yuzga yaqin ishtirokchi uchta yo‘nalishda o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ular o‘rtasida ilm-fan, san’at, madaniyat, axborot texnologiyalari, badiiy ijod, arxitektura, dizayn, tadbirkorlik va hunarmandchilik kabi sohalarni yanada ommalashtirishdir.

Tanlovning shahar va tuman bosqichlarida qariyb 900 nafarga yaqin yigit-qizlar qatnashib, iste’dodlarini namoyon etdi. Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat-kutubxona markazida bo‘lib o‘tgan mazkur tanlovning viloyat bosqichida shahar va tumanlardan tanlab olingan iqtidorli yoshlarning ijod namunalari ko‘rib chiqildi.

G‘oliblarni taqdirlash marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov yurtimizda aholi, xususan, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni qayd etib, vatan ravnaqi uchun har bir yurtdoshimizning hissasi katta ekanligini ta’kidladi.

Rishton tumanilik Sarvinoz Abdumannonova tasviriy va amaliy san’at, Qo‘shtepa tumanidan Abdulaziz Abduhoshimov adabiyot va publitsistika, Quva tumanilik Muxtasar Hojimurodova milliy maqom va estrada yo‘nalishida birinchi o‘rinni egalladi.
N.Bozorova, O‘zA