Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatan sha’nini ulug‘laganlar hamisha e’tiborda – sportchilarga Prezident sovg‘asi topshirildi
12:04 / 2025-09-19

Xabaringiz bor, boks, og‘ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turlarida sportchilarimizning erishgan yutuqlari tufayli Yevropa, Osiyo, Amerika qit’alarining bir qator davlatlari sport majmualarida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz baralla yangradi. Jahon ahli ushbu nufuzli musobaqalar sabab bot-bot serquyosh yurtimiz nomini ehtirom bilan tilga oldi. Chet el ommaviy axborot vositalarida keyingi yillarda o‘zbek sportining tobora rivojlanib borayotgani, yutuqlarimiz e’tirof etildi.

Yaqinda Angliyada o‘tgan jahon chempionatida 60 ta mamlakatning 500 nafardan ziyod charm qo‘lqop ustalari bilan kechgan shiddatli janglar sarhisobiga ko‘ra, bokschilarimizning 6 oltin, 2 kumush va 3 bronza medallar shodasiga ega chiqqani o‘zbek boks qudratini Yevropa ringlari uzra dunyoga yana bir karra ko‘z-ko‘z qildi.

Mahoratli bokschi yoshlarimiz Abdumalik Xalokov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Fazliddin Erkinboyev, Javohir Ummataliyev, Akmaljon Isroilov va To‘rabek Habibullayev o‘z vazn toifalarida oltin medalni, Navbahor Hamidova hamda Jahongir Zokirov kumush, Sabina Boboqulova, Feruza Kazakova hamda Aziza Zokirova bronza medaliga sazovor bo‘lishi ortidan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 1-o‘rinni, umumjamoada esa 60 ta davlat orasida 2-o‘rinni egallagani barchamizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.

Joriy yilning 20-24 avgust kunlari Italiyaning Milan shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha tashkil etilgan 50-jahon chempionatida hamyurtimiz Artur Guliyevning dunyoning eng kuchli kanoechilari bilan kechgan murakkab poygalarda yetakchilikka erishib, oltin medalga sazovor bo‘lishi O‘zbekiston sportida o‘ziga xos tarixni yaratdi.  

O‘tgan yilning dekabr oyida Bahrayn poytaxti Manamada og‘ir atletika bo‘yicha tarixga aylangan 89-jahon chempionati o‘zbek og‘ir atletika maktabi uchun betakror voqelik davri bo‘ldi.

Mazkur dunyo birinchiligida yurtimiz og‘ir atletikachilari 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan umumjamoada 4-o‘rinni egallagan vaziyatda tajribali og‘ir atletikachimiz Ruslan Nurudinov siltab ko‘tarishda 242 kilogramm toshni bo‘ysundirib, jahon rekordini o‘rnatgani xalqaro maydonda o‘zbek og‘ir atletikasining g‘oliblik an’analari bardavom ekanligini namoyish etdi.

Kuni kecha O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida boks, og‘ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi hamda ularning murabbiylariga Prezident sovg‘asi – BYD avtomobillari va bir martalik pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilarga BYD Champion Song va 15 ming AQSH dollari, kumush va bronza medalini qo‘lga kiritgan sportchilarga BYD Chazor avtomashinalari hamda 7 ming 500 AQSH dollari, bronza medali sohiblariga BYD Chazor avtomashinalari va 3 ming 750 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotlari taqdim etildi. Shuningdek, chempionlarni tayyorlagan murabbiylar ham bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Ruslan Nurudinov, Abdumalik Xalokov, To‘lqin Qilichev, shuningdek, bokschi Javohir Ummataliyevning otasi Turobjon Ummataliyev davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sportchi yoshlarga, barkamol avlod vakillariga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi, yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlash borasidagi keng qamrovli sa’y-harakatlari jonajon Vatanimizning shonu-shavkatini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA