Xalqimizda “Yigit omon bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi”, degan hikmatli gap bor. Bugun bu hikmat Qoraqalpog‘iston Respublikasining markazi Nukus shahrida yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Erta tongdan harbiy orkestrning vatanparvarlik ruhidagi tantanavor sadolari ostida yuzlab azamat yigitlar sharafli burch – Vatan himoyasiga otlandilar.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 2-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni qurolli kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning mart-aprel oylarida butun respublika bo‘ylab yoshlarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
4-mart kuni qoraqalpog‘istonlik yoshlarning navbatdagi guruhi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari saflariga tantanali ravishda kuzatildi.
Tantanali tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘mondonligi, DXX Chegara qo‘shinlari rahbariyati, Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarning hududiy rahbarlari, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar hamda askarlarning ota-onalari ishtirok etdi.
[gallery-27960]
Saralanganlar safida turgan yoshlar shunchaki chaqiriluvchilar emas. Ular intellektual salohiyati, jismoniy tayyorgarligi va ma’naviy yetukligi bilan yuzlab tengdoshlari orasidan qat’iy sinovlar asosida saralab olingan o‘g‘lonlardir. Ularning ko‘zlarida hayajon bo‘lsa-da, qalbida yurtga sadoqat bilan xizmat qilish istagi g‘olib ekani sezilib turdi.
– O‘g‘limning askar bo‘lishi – oilamiz uchun katta baxt. Bugun uning egnidagi harbiy libosni ko‘rib, naqadar ulg‘ayganini his qildim. Vatan oldidagi burchini munosib o‘tab, oq yuz bilan qaytishini Yaratgandan so‘rayman, – deydi faxr bilan onalardan biri.
Tadbirda keksalar yurtimiz tinchligi barqaror bo‘lishini, askarlarimizning qadami qutlug‘ kelib, omon-eson xizmat qilib qaytishlarini niyat qildilar. Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar hamda yosh san’atkorlarning vatanparvarlik haqidagi chiqishlari yig‘ilganlarga unutilmas kayfiyat ulashdi.
Muddatli harbiy xizmatga kuzatish tadbirlari nafaqat Nukusda, balki mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Tadbirlarda Vatan sarhadlarini himoya qilishga shaylangan mard o‘g‘lonlarga oq yo‘l tilandi. Zotan, yurt himoyasi eng muqaddas va sharafli vazifadir.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.