Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqa teatrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, barchani Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi bilan muborakbod etdi.
[gallery-27137]
Ta’kidlanganidek, har qanday davlatning taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlaydigan eng asosiy omil yurt tinchligi va fuqarolar xavfsizligidir. Ayniqsa, bugungi kunda dunyo mamlakatlari o‘rtasida kechayotgan o‘zaro ziddiyatlar bizdan har qachongidan ham ogoh va hushyor bo‘lishni talab etmoqda.
Shu bois, so‘nggi yillarda Prezidentimiz, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy armiyamizni jahon talablariga mos ravishda modernizatsiya qilish, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini kuchaytirish va Qurolli Kuchlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning jangovar va ruhiy tayyorgarligini yanada oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Buning amaliy ifodasi sifatida o‘tgan yili Harbiy-ma’muriy sektor faoliyatini rivojlantirish maqsadida mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 43 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilganini, yangi qurilgan uylardan 315 ta kvartira harbiy xizmatchilarga berilgani, yangi barpo etilgan Mudofaa ishlari boshqarmasida bugungi davr talabidan kelib chiqqan holda raqamlashtirish ishlari olib borilib, fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratilganini qayd etish zarur. Shuningdek, bugungi kunda qariyb 20 milliard so‘mlik mablag‘ hisobidan Taxtako‘pir, Chimboy va Nukus tumanlarining Mudofaa ishlari bo‘limlari binolari yangidan qurilayotgani, 60 xonadonli, 5 qavatli turar joy - xizmat uylari yaqin kunlarda chegara harbiy xizmatchilariga topshirilish arafasida turgani, albatta, Vatan himoyachilarining jangovar va ruhiy tayyorgarligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Prezidentimiz raisligida 13 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida muddatli harbiy xizmat – faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarimiz jamiyatda mustahkam o‘rnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarurligi qayd etildi. Harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini yanada mustahkamlash bilan birga, ularning ma’naviy olamini ham muntazam boyitib borishni zamonning o‘zi talab etmoqda.
–Harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oila a’zolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish doimo diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Xususan, 1 apreldan boshlab, Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi. Hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarini oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi. Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi kengaytiriladi.
Bayram munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilar, huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘krak nishonlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Tadbir yakunida san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari