FOTOREPORTAJ
Yoshlikda qo‘lga kiritilgan yuksak e’tirof inson zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Ayniqsa, davlat mukofotiga sazovor bo‘lish — nafaqat shaxsiy yutuq, balki jamiyat ishonchi va kelajakka qaratilgan umid ifodasidir. O‘zA saytida yo‘lga qo‘yilgan “Zulfiyaxonim izdoshlari” loyihasi ana shunday iqtidorli yoshlarning bugungi faoliyati, kasbiy yutuqlari va Vatan taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini yoritishga qaratilgan.
Shunday iqtidor sohibalaridan biri — Parizoda Ahrorxo‘jayeva. U 2000-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Yoshligidan adabiyot va ijodga mehr qo‘ygan Parizoda ta’lim yo‘lida izchil izlanib, 2023-yilda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini muvaffaqiyatli tamomladi. Talabalik yillaridayoq faolligi, tashabbuskorligi va bilimga chanqoqligi bilan e’tiborga tushdi.
Parizoda 2019-yilda adabiyot yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Oradan uch yil o‘tib, 2022-yilda Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi. Bu mukofot va stipendiyalar uning bilim va salohiyatini mustahkamlab, oldiga qo‘ygan maqsadlari sari ruhlantirdi.
Ilmiy izlanishlarini davom ettirgan Parizoda 2025-yilda Farg‘ona davlat universitetining adabiyotshunoslik yo‘nalishi magistratura bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi. Bugun u nafaqat pedagog, balki telejurnalist sifatida ham faoliyat yuritib, ma’naviy-ma’rifiy mavzularni keng jamoatchilikka yetkazishga hissa qo‘shmoqda.
[gallery-27956]
Ayni paytda Parizoda Buvayda tumanidagi “Zamon School” nodavlat ta’lim muassasasida ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi sifatida mehnat qilmoqda. Uning asosiy maqsadi — yosh avlodni milliy qadriyatlarga sadoqat, ona tiliga hurmat va adabiyotga muhabbat ruhida tarbiyalash.
Yoshlikdagi e’tirof bugun Parizoda Ahrorxo‘jayeva uchun katta mas’uliyatga aylangan. U o‘z bilim va tajribasini jamiyat manfaati yo‘lida safarbar etib, Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shishni o‘zining hayotiy burchi deb biladi. “Zulfiyaxonim izdoshlari” loyihasi ana shunday fidoyi, bilimli va tashabbuskor yoshlarning faoliyatini yoritish orqali jamiyatga ibratli namuna taqdim etadi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA