O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent viloyatida bir qator bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.
Tadbirlar doirasida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida hudud faollari, nuroniylar, xalq deputatlari, hududdagi harbiy tuzilmalar va huquq-tartibot idoralari, boshqarma va tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirokida Nurafshon shahri markazida joylashgan matonat, sabr-toqat va vatanparvarlik timsoliga aylangan o‘zbek ayoli – Zulfiya aya Zokirova yodgorlik majmuasi poyiga gul qo‘yish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosidagi tantanali musiqa sadolari ostida yig‘ilganlar Vatanimiz ozodligi va tinchligi yo‘lida jon fido qilgan mard o‘g‘lonlar xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirdi. Shundan so‘ng tadbir qatnashchilari “Vatanparvar bog‘i”dagi turli harbiy eksponatlar bilan tanishdi.
Mazkur tadbirning bayram dasturi Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida davom etdi. Unda harbiylar, faxriylar, hudud faollari va yoshlar qatnashdi. Tadbirda viloyat hokimi barchani Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, o‘z tilaklarini bildirdi.
[gallery-27125]
Qayd etilganidek, joylarda Vatanparvarlik oyligi va “Milliy armiya – ona Vatan qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirlarda yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, fuqarolik mas’uliyati va harbiy xizmatga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, o‘tgan davrda 187 ta umumta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik ko‘rish xonalari tashkil qilindi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 600 nafarga yaqin yoshlarga harbiy safarbarlik chaqiruv uchun mablag‘lar to‘lab berildi. 38 nafar harbiylar oilasiga yangi xonadonlar topshirildi. Shu bilan birga, 5 ta Mudofaa ishlari bo‘limlari va viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi binolari yangidan barpo etilmoqda.
Kuni kecha o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni raisligida Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ko‘rilgan masalalar, sohada amalga oshiriladigan islohotlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Tadbirda Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda xizmat burchini namunali bajarayotgan bir guruh soha xodimlari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tashkil etilgan konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi. Bayram munosabati bilan vatanparvarlik tadbirlari doirasida barcha tuman va shaharlarda harbiylar bilan uchrashuv va muloqotlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA