Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatan oldidagi muqaddas burch qasamyodi
11:30 / 2025-04-25

FOTOREPORTAJ

Vatanga qasamyod – har bir yigit uchun muqaddas va sharafli burch. Bu – Vatan, uning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida berilgan so‘z, yuksak mas’uliyat va fidoiylik namunasidir.

Jizzax shahridagi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda ham yosh askarlarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qasamyod qabul qilish ostonasida turgan mard va jasur yigitlar qurolini ko‘ksiga mahkam bosgan holda, vatanparvarlik tuyg‘usi bilan so‘zsiz sadoqat ila Vatanga xizmat qilishga va’da berdi.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar yosh askarlarning yuz-ko‘zidagi ishonch, qalbidagi g‘urur va mas’uliyat tuyg‘usini alohida e’tirof etib, ularga muvaffaqiyatlar tiladi. Ta’kidlandiki, Vatanni himoya qilishdek sharafli burchni o‘z zimmasiga olgan har bir askar mamlakat tinchligi, chegaralar daxlsizligini ta’minlashdek oliy vazifani bajarmoqda.

– Mana, bugun biz, yosh askarlar, Vatan oldidagi burchimizga sodiq bo‘lish uchun qasamyod qildik, - deydi oddiy askar Samandar Xudoyberdiyev. – Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari safida xizmat qilish men uchun faxrdir.  

Marosimda harbiy qism qo‘mondonligi, faxriylar, askarlarning ota-onalari va yaqinlari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir so‘ngida qasamyod qabul qilgan sarbozlarga DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining bayramona tabrigi yetkazildi. 

 [gallery-23008]

Muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar davomida egallangan himoya va hujumga oid jangovar elementlar namoyish etildi. Xizmat itlari ishtirokidagi maxsus ko‘rgazmali chiqishlar, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi bo‘yicha amaliy harakatlari ham marosim qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.

Tantana so‘ngida DXX Chegara qo‘shinlari ashula va raqs ansambli ijrosidagi Vatan, mardlik va fidoyilikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA