Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatan mustaqilligi va istiqbolini himoya qilganlarni doimo sharaflaymiz
20:02 / 2024-07-15

2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinish kuzatilgan edi. O‘shanda xalq birlashib, demokratiya qadriyatiga sodiqligini namoyon etgan. Natijada fitna amalga oshmagan, davlat tuzumi saqlab qolingan edi. Shu bois Turkiya xalqi va ushbu mamlakatning xorijiy davlatlardagi diplomatik idoralari har yil 15 iyulni “Demokratiya va milliy birlik kuni” sifatida nishonlaydi.

Ushbu mudhish voqeaga sakkiz yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi boshlig‘i, professor Fahrettin Altun o‘sha mash’um kunlarni yana bir bor yodga oldi:

– Turkiyada 2016 yil 15 iyul kechasi demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatni ag‘darishga qaratilgan xoinona davlat to‘ntarishiga urinish amalga oshirildi.

Fathullohchi terror tashkilotining to‘ntarish tashabbusi Istanbuldagi ko‘priklarning yopilishi va tanklarning ko‘chalarga kirishi bilan boshlandi. Ko‘plab davlat muassasa va tashkilotlari, Turkiya Buyuk Millat Majlisi, Prezident majmuasi va Anqara viloyati xavfsizlik boshqarmasi bombardimon qilindi. Tez orada bu voqealarning alohida hodisa emas, balki muvofiqlashtirilgan hujum ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Fathullohchi terror tashkiloti hurmatli Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdog‘anga suiqasd uyushtirish maqsadida hujum qildi. Davlat rahbarining milliy televideniye orqali qilgan chaqirig‘idan so‘ng xalqimiz maydonga chiqdi. Millionlab fuqarolar tun bo‘yi davlat to‘ntarishini rejalashtirgan terror tashkilotiga qarshi kurashdi. 16 iyul tongida Turk Qurolli Kuchlari, Xavfsizlik bosh boshqarmasi va o‘z demokratiyasini himoya qilgan xalqning sa’y-harakati bilan xiyonatkorona harakat  bostirildi va tashabbuskorlar qo‘lga olindi. Harbiylar va aholi vakillaridan jami 252 kishi  shahid bo‘ldi, 2740 nafar fuqaro jarohatlandi.

Maxsus kuchlar qo‘mondonligini himoya qilish uchun joni evaziga qarshilik ko‘rsatgan va to‘ntarishning asosiy jamoasi tarkibidagi generalni zararsizlantirgan shahid O‘mer Halisdemir kabi qahramonlar nomini hamon eslaymiz. Fuqarolari yopilgan Bo‘g‘oz ko‘prigida hayotini xavf ostiga qo‘yib, begunoh odamlar joniga qasd qilishga uringan davlat xoinlarini bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu xalqimizning hamjihatligi, azm-u shijoati sinovdan o‘tgan tarixiy lahzalar edi.

Turkiya hukumati davlat to‘ntarishiga urinishning dastlabki daqiqalaridanoq tartib o‘rnatish va aybdorlarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rdi. Ayni jarayonda Prezidentimiz va hukumat vakillari bayonotiga ko‘ra, to‘ntarish tashabbusining, qo‘mondonlik tuzilmasining nazoratidan tashqarida — Turk Qurolli kuchlari ichiga kirib kelgan noqonuniy bir guruh tomonidan amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. To‘ntarish tashabbusi ortida Fathullohchi terror tashkiloti  turgani aniqlandi. AQSHda istiqomat qiluvchi tashkilot rahbari bu xiyonatni davlat ichidagi parallel tuzilmasi yordamida amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi. G‘alaba nafaqat Turkiyada, balki butun dunyoda demokratiya tarixidagi eng sharafli qarshilik ko‘rsatishlardan biri sifatida qayd etildi.

Bugun ham kurashini davom ettirayotgan Turkiya, ayniqsa, chet elda yashiringan qochqinlar va Fathullohchi terror tashkiloti  yetakchilarining ekstraditsiya qilinishida do‘st va ittifoqdosh davlatlardan birdamlik kutmoqda. Xalqaro hamjamiyatda Turkiyani qo‘llab-quvvatlagan va birdam bo‘lgan davlatlar ko‘p bo‘lsa-da, to‘ntarish tashabbusiga ba’zi ittifoqchilarimizning javobi yetarli bo‘lmadi. Bu davlatlarning ommaviy axborot vositalarida davlat to‘ntarishiga urinishning yoritilishi ham Turkiya davlatini qanoatlantiradigan darajada bo‘lmadi. Xalqaro mas’uliyatli G‘arb ommaviy axborot vositalari 15 iyul kechasi sodir bo‘lgan voqeani soddalashtirishga harakat qildi. Mamlakatimiz demokratiyasini nishonga olgan qonli to‘ntarish tashabbusini “ikki tomon o‘rtasidagi to‘qnashuv” shaklidagi haqqoniy bo‘lmagan ibora bilan xabar qildilar. Biz bilamizki, Fathullohchi terror tashkiloti   ittifoqdosh davlatlarimiz bilan bir qatorda keng miqyosdagi mintaqalarda faoliyatini davom ettirmoqda. Nafaqat Turkiya, balki uning chegaralaridagi barcha davlatlarning xavfsizligiga tahdid solayotgan bu terror tashkilotiga qarshi har sohada kurashni davom ettiramiz.

Xoinona to‘ntarish tashabbusidan keyin demokratik tashkilotlarini yanada mustahkamlagan davlat sifatida fuqarolarimizning hayotini va mamlakatimiz mustaqilligini har sohada nishonga olgan terror tashkilotiga qarshi kurashni davom ettiramiz. O‘sha qonli kechada jonini fido qilgan fuqarolarimiz xotirasini Turkiyaning mustaqilligi va istiqbolini himoya qilgan holda sharaflashda davom etamiz.

O‘zA