Vatan! Kishining tug‘ilganda kindik qoni to‘kilgan Ona yer uning vatani hisoblanadi. Vatanni sevish, ardoqlash, himoya qilish – har birimizning sharafli burchimizdir.
Har yili Vatan himoyachilari bayrami arafasida bir-birlarini tabriklayotgan nafaqat harbiylar, balki yurtimizda faoliyat olib borayotgan boshqa kasb egalari, shuningdek o‘quvchi-talabalar, tarixchilar, iqtisodchilar, injenerlar, agronomlar, sportchilar ham bir-birlarini shu aziz bayram bilan tabriklayotganida yuragimiz yorishib ketadi. Vatanga bo‘lgan muhabbat hissi bebaho va qadrdon tuyg‘u, insoniyatning qon-qoniga singib ketgan ilohiy ne’mat. Shu bois ham Vatanni himoya qilish, uning tinchligini asrab avaylash, sarhadlarimiz daxlsizligini mustahkamlashda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan ona yurt posbonlarining xizmatlari hamisha e’tirof etiladi.
Zamonlar, makonlar o‘zgarsa-da, Vatanga muhabbat, imonga sadoqat mohiyati aslo o‘zgarmaydi. Yurt mustaqilligi va xalq ozodligi yo‘lida aziz jonini, muborak qonini fido qilgan vatanparvar, xalqparvar insonlarning muhabbati naqadar ulug‘, imonlari qanchalik mustahkam ekani yana bir bor ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Bugun biz farzandlarimizga ana shu ulug‘larning ona Vatan himoyasi va manfaati yo‘lida ko‘rsatgan buyuk jasoratlari va sadoqatlarini anglatmog‘imiz lozim. Shundagina ularning dilidan Vatanga muhabbat tuyg‘ulari, yurtni har qanday kuchlar xurujidan hamisha himoya qilish hissi mustahkam o‘rin oladi. Darhaqiqat, istiqlol – bebaho boyligimiz. Uni asrab-avaylash, mustahkamlash esa har birimizning eng oliy burchimizdir.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining tayanchi va suyanchi bo‘lgan zamonaviy harbiy xizmatchilar timsolida biz avvalambor chuqur bilim va intellektual salohiyatga, o‘z muqaddas harbiy burchini bajarish yo‘lida qat’iy iroda va mustahkam tayyorgarlikka ega bo‘lgan, ona yurtimizga sadoqatli, mard va fidoyi insonlarni ko‘ramiz hamda ular tomonidan barchamizning bugungidek tinch, xotirjam xayotimiz ishonchli tarzda himoya qilinmoqdaki, mana shunday mas’uliyatli burchni sidqidildan ado etayotgan, taraqqiyotimiz barqarorligiga kamarbasta bo‘layotgan o‘g‘lonlarimizni har qancha e’zozlasak, ko‘kka ko‘tarsak, arziydi.
Aynan mard, jasur harbiylarimizning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston milliy armiyasi jadal rivojlanmoqda, uning jangovar qobiliyati va tayyorgarligi izchil oshib bormoqda, mamlakatimizning mudofaa qudrati mustahkamlanmoqda, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti ta’minlanmoqda.
Vatanni himoya qilish – bu faqat qo‘lga qurol olib, chegaralarda hushyor turish emas ekan, Vatanning moddiy va ma’naviy boyliklarini, ulug‘ ajdodlardan bizga meros bo‘lib qolgan purhikmat an’analarni, bag‘rikeng, sahovatli xalqimizning ezgu fazilatlarini, tilimizni, dinimizni, milliy qadriyatlarimizni, onalarni, otalarni, qorako‘z o‘g‘il-qizlarimizni, yoshlarning dunyoqarashini, tog‘u toshlarni, soy-so‘qmoqlarni, qo‘yingki, Vatanning gul-rayhonidan novda-giyohigacha, ona-yer bag‘ridan otilib chiqayotgan mitti bulog‘idan boshlab hayqirib oqayotgan daryosigacha ko‘z qorachig‘idek asrashimiz, bemavrid dovullardan himoya qilishimiz, bularning hammasini kelgusi avlodlarga bus-butun, joziba va tarovati bilan yetkazishimiz kerak ekan.
Ona-Vatan himoyasi mavzusida so‘z borar ekan, Temur Malik, buyuk sarkarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug‘ yurtparvarlar, Vatan ozodligi yo‘lida qo‘lida tig‘ va tug‘ ila jon bergan Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog‘ida yonib o‘tgan Boburlar ibrati beixtiyor ko‘z oldimizga keladi. Mustaqillikka erishib, o‘z armiyamizga ega bo‘lib, uni qadriyatlarimizga, an’analarimizga mos ravishda shakllantirib, qadr-qimmat tushunchasini his qilayapmiz, anglayapmiz. «…Armiyani tom ma’noda armiya qiladigan, har qanday murakkab vaziyat va sinovlardan yorug‘ yuz bilan chiqishiga asos bo‘ladigan, uning jangovar qudrati va harbiy mahoratini yuksaltiradigan kuch, bu – armiya saflarida xizmat qilayotgan insonlardir», degan edi Prezidentimiz.
Barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan tomoni shundaki, bizning ezgu intilishlarimiz zamirida ham ana shunday pok niyat, buyuk ishonch mujassam. Aniq maqsad yo‘lidagi bunyodkorlik ishlarimiz amaliy natijalar bera boshlagan, ko‘zlagan rejalarimiz bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqib, dunyo hamjamiyatidan o‘zimizga munosib o‘rin egallab borayotgan hozirgi kunda xalqimiz, millatimiz qalbidagi ana shu ishonch yanada mustahkamlanmoqda.
Mana shu fikrlarning o‘zida ham inson manfaatiga e’tibor, demakki, qadr tushunchalariga ishora bor. Shu sababli ham milliy armiyamizdagi izchil islohotlar davomida mamlakatimiz mudofaa qudratini oshirishdagi kuchga – uning saflaridagi insonlarga e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbarining Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan harbiylar O‘zbekistonning faxri, ishonchi va suyanchi ekanligi haqidagi fikri ham Vatan himoyasini kasb qilgan mardlarning davlatimizda, jamiyatimizda qanchalar qadrlanayotganiga misoldir.
Bir so‘z bilan aytganda, Vatan himoyachisining qadri, qimmati qonun himoyasiga, davlat muhofazasiga olindi. Hayotini armiyasiz tasavvur eta olmaydigan, harbiy xizmatni Vatani, xalqi oldidagi muqaddas burch, deb biladigan mardlar har yili Vatan himoyachilari kunida, Mustaqillik bayrami arafasida jasorat va fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan ko‘plab harbiy xizmatchilarning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanayotganligi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Hulosa qilib aytganda, Yurtini, Ona vatanni sevadigan, ardoqlaydigan va himoya qiladigan mard, jasur xalqimiz bor ekan, shu yurt doimo yuksalaveradi, gullayveradi va rivojlanib boraveradi.
Islomjon Xaydarov,
Jamoat xavfsizligi universiteti katta o‘qituvchisi, kapitan,
Psiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)