Jizzax shahridagi “Kibersport arena”da vatanparvarlik, mardlik va jasoratni targ‘ib etuvchi “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa va Madaniyat vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi hamda Kinematografiya agentligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda harbiylar, yoshlar, ularning ota-onalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
“Vatan manzumasi” – vatan, xalq va ona yurtga bag‘ishlangan she’rlar, qo‘shiqlar, badiiy chiqishlar orqali yosh avlodda yurtga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qiluvchi ma’naviy-ma’rifiy loyiha hisoblanadi.
Tadbirda taniqli va yosh ijodkorlar tomonidan Vatan mavzusidagi she’rlar o‘qildi. Harbiylar va san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, baxshichilik, milliy kurash namoyishlari hamda xalq og‘zaki ijodiga asoslangan sahna chiqishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
– “Vatan manzumasi” yoshlar qalbida yurtga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini mustahkamlaydi, – deydi kichik serjant Nigora Turg‘unova. – Bu kabi tadbirlar ota-onalar, ustozlar va harbiylar bilan hamkorlikda olib borilayotgan g‘oyaviy-tarbiyaviy dasturning muhim bo‘g‘inidir.
Tadbir doirasida “Mard askarga sovg‘a” turkumidagi yangi kitoblar taqdimoti va kitoblar yarmarkasi ham tashkil etildi.
[gallery-24628]
E’tiborli jihati shundaki, “Vatan manzumasi” tadbirlarini respublikamizning barcha hududlari, jumladan, ta’lim muassasalari va mahallalarda ham namoyish etish rejalashtirilgan. Bu orqali yosh avlodni Vatanga muhabbat, sadoqat va jasorat ruhida tarbiyalash maqsad qilingan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari