Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatan ishqini qalbiga jo etgan Bobur
10:26 / 2024-02-14

14 fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun

O‘zbek mumtoz ijodkorlari merosini tahlil qilar ekanmiz, ularning asarlarida o‘ziga xoslikni, ruhiy olamida betakrorlik, badiiy ifodada jozibadorlikni, o‘y-kechinmalar uyg‘unligida badiiy mushohada asosida adabiyotga olib kirganligini guvohi bo‘lamiz. Xususan Mahmud Qoshg‘ariy turkiy tilning lug‘at boyligini badiiy-ifodaviy uslubda yoritsa, Yusuf Xos Hojib axloqiy qarashlarini falsafiy mushohada asosida, Burhoniddin Rabg‘uziy payg‘ambarlar sifatlarini sodda va samimiy xalqona talqinda, buyuk daho Alisher Navoiy insoniy tuyg‘ularning yuksaklikka qadalgan qirralarini “komil inson” siymosi orqali, Zahiriddin Muhammad Bobur esa insoniy dardni Vatan ishqi, yurt vasfi vobastaligida bera olganki, bu badiiy ijodning asrlar osha umrboqiy bo‘lishiga olib kelgan.  

Inchunin, har bir adib ijodida insoniylikning yuksak qadriyatlari turli jilolalar asosida bo‘y ko‘rsatganligini ko‘rish, anglash mumkin. Darhaqiqat, mumtoz ijodkorlar merosi ulkan bir xazinaki, unda insoniylikning xilma-xil jilolaridan bahramand bo‘lish imkonini beradi. Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi ham ana shunday betakror ijod namunasidirki, unda shoh va shoirlikni uyg‘unlashtira olgan ulug‘ siymoni ko‘ramiz. Xususan, siyosiy arbob Javoharla’l Neru ta’rifi bilan aytganda: “Bobur – dilbar shaxs, Uyg‘onish davrining yorqin hukmdori, mard va tadbirkor odam bo‘lgan. U san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi ko‘rardi” deb e’tirof etgan edi. Darhaqiqat, Boburda yuksak hayotsevarlik bilan birga, ruhi uyg‘oq mahzun bir shoh siymosi gavlanadi. Uning shohligi shoirligida, shoirligi esa shohligida ko‘rinadi. Buni ijodkor lirik merosiga olib kirgan nozik insoniy kechinmalar orqali bilish mumkin.  

Shoh sifatida yurtdan ayrolik, toj-taxt uchun kurashlarda atrofdagi insonlarning xiyonati hamda bevafoligidan tortgan azoblari va umrining so‘nggigacha Vatan sog‘inchi bilan yashashi uning she’riyatiga ko‘chganligini ko‘ramiz. Bobur shoh bo‘lsa-da, ammo o‘zga yurtlarda bir g‘arib gadodek, ruhan yolg‘iz, ko‘ngil malhami bo‘lguvchi dardkashi yo‘qligini quyidagi misrlardan anglash mumkin:  

Ko‘pdin berikim, yoru diyorim yo‘qtur,  

Bir lahzayu bir nafas qarorim yo‘qtur.  

Keldim bu sori o‘z ixtiyorim birla,  

Lekin borurimda ixtiyorim yo‘qtur.  

Bobur she’riyatining mavzusi xilma-xil va rang-barangki, unda ishq-muhabbat, sevgi-sadoqat, visol va hijron mavzusidan tortib, ona yurt sog‘inchi, uni qo‘msash, tabarruk tuprog‘iga talpinish va visol ilinji, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari hamda zamona nosozliklaridan azob chekish kabi insoniy kechinmalar badiiy tahlil etilgan. Chunonchi, shoir adolatparvarlik, insonparvarlik tuyg‘ularini insoniy kechinmalar uyg‘unligida ifodalar ekan, taqdir sinovlari, hayot qiyinchiliklaridan mashaqqat chekkanligi, dard yukiga asir bo‘lganligini quyidagicha talqin etadi:  

Charxning men ko‘rmagan jabru jafosi qoldimu?!  

Xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimu?!  

Bobur lirikasi ana shunday insoniy fazilatlar, ezgu sifatlarga boy, sodda va samimiydir. Shoir lirik misralaridagi nozik ifodani bilish shoir olamini anglash tuyg‘usini beradi. Albatta, inson oliy xilqat, uning umri aziz va qadrlidir. Umrni g‘animat bilish esa, odamni insoniy sifatlar bilan yashashga chorlaydi. Chunonchi:  

Ahbob, yig‘ilmoqni farog‘at tutungiz!  

Jam’iyatingiz borini davlat tutungiz!  

Chun gardishi charx budurur,  

Tengri uchun, bir-birni necha kuni g‘animat tutungiz!  

Darhaqiqat, shoir lirik misralarida Vatan tuyg‘usini qalbga jo etgan otashnafas ijodkor sifatida gavdalanadi. Uning Vatanga muhabbati shunchaki emas, balki ona yurtdan ayrolik, hayot sinovlaridan toblanish asosida yuzaga kelgan samimiy tuyg‘ulardir. Bu samimiy hislar kitobxonga yurtni sevish, uni asrash, qadrlash tuyg‘usini beradi. Mana o‘sha mashhur ruboiysida shunday yozadi:  

Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,  

Har ishniki, ayladim — xatolig‘ bo‘ldi.  

O‘z yerni qo‘yib,  

Hind sori yuzlandim,  

Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?!  

O‘z ona diyoridan mosuvolik shoir qalbini hamisha iztirobga solgan. Balki shu armon yuki shoir qalamini charxlagan, ijodini hayotbaxshligini ta’minlagan bo‘lsa, ne ajab.  

Umuman olganda, Zahiriddin Muhammad Bobur merosi yuksak badiiy saviyada yozilgan ijod namunasi sifatida o‘zbek mumtoz adabiyotida beqiyos o‘ringa egadir. Uning betakror merosi insoniylik, vatanparvarlik, ezgulikdan saboq beradi, ma’naviy tarbiyalaydi. Binobarin, shoir ijodining markazida ham inson, uning kamoloti, yaxshilik asosida umr kechirishi, vatanparvalik tuyg‘usi ila yashashga doir yuksak g‘oyalar ustuvor. Bunday tuyg‘u bilan yashash esa, hamisha insonni yetuklikka, kamolotga chorlaydi. Zero, ma’naviy yetuklik buyuk ijodkorlarning yuksak g‘oyalariga ergashishda ko‘rinadi.  

Lola Azimova, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi katta o‘qituvchisi,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori