Andijonda Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligiga bag‘ishlangan qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Viloyatning bosh tadbiri Andijon shahri markazidagi Xotira xiyobonda o‘tkazildi.

Bugun mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan harbiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, harbiy xizmatchilar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Natijada milliy armiyamizning mudofaa qudrati, jangovar salohiyati, nufuzi yuksalib bormoqda.

Qolaversa, Vatan himoyachilari kunida yurt himoyasi, uning erki va ozodligi yo‘lida qancha-qancha mard va jasur vatandoshlarimiz aziz jonlarini fido qilganligini yodga olish har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir. Ularning qahramonliklari, ko‘rsatgan jasoratlari hech qachon unutilmaydi.

Tadbirda ularning xotirasi yodga olindi. Andijon shahri markazidagi Xotira xiyoboniga o‘rnatilgan Motamsaro ona haykali poyiga viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar tomonidan orkestr sadolari ostida guldastalar qo‘yildi.

– Vatan ozodligi, himoyasi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz, o‘g‘lonlarimizni yod etish farz, – deydi tadbir ishtirokchisi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari O‘ktamjon Oxunov. – Ana shunday mard ajdodlarimiz, o‘g‘lonlarimiz bilan hamisha faxrlanamiz, ularning xotirasiga ehtirom ko‘rsatamiz.

Ushbu tadbir yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni Vatanparvarlik, yurtga sadoqat va hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.
Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbirlar viloyatdagi harbiy qism, mehnat jamoalari va ta’lim muassasalarida ham bo‘lib o‘tdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari