Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatan himoyasi — ota-ona duosi bilan ulug‘
14:47 / 2026-02-03

Yurt tinchligi osmondan tushadigan ne’mat emas, balki uning har bir qarichi ota-ona duosi, farzand jasorati va jamiyat mas’uliyati bilan asraladi. Ana shu haqiqat Jizzax viloyatining Zafarobod tuman hokimligida o‘tkazilgan “Askar ota-onalarini sharaflaymiz!” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy anjumanda yana bir bor o‘z ifodasini topdi.

Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov, tuman prokurori, tuman hokimining o‘rinbosari, muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari, chaqiruv yoshidagi yoshlar, mehnat faxriylari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi. Bu uchrashuv faqat minnatdorlik bildirish bilan cheklanib qolmadi, balki Vatan himoyasi masalasida jamiyat oldida turgan muhim vazifalarni muhokama qilish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.

Anjuman davomida namoyish etilgan videolavhalar tadbir ishtirokchilarida alohida, o‘chmas taassurot qoldirdi. Ularda milliy armiyamiz safida xizmat qilayotgan yigitlarning munosib xizmat sharoitlari, yuksak ruhiyati, eng muhimi, ota-onalariga yo‘llagan samimiy salomi va minnatdorlik so‘zlari mujassam etilgan edi. Bu lavhalar Vatan himoyasi — avvalo, inson qalbidan boshlanishini yana bir bor eslatdi.

So‘zga chiqqan general-mayor G‘ayrat Qodirov bugungi kunda harbiy xizmatni o‘tayotgan yigitlar nafaqat belgilangan burchni ado etayotganini, balki tinch va osoyishta hayotimizning ishonchli kafolatiga aylanayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, shunday vatanparvar, fidoiy va sadoqatli farzandlarni tarbiyalab, kamolga yetkazgan ota-onalarga alohida minnatdorlik izhor etildi.

Joriy yilning yanvar oyida Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan huquq-tartibot idoralari faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar bu kabi tadbirlarning ahamiyatini yanada oshirmoqda. Xususan, yoshlar ongida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, mahallada profilaktika ishlarini kuchaytirish, harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli ekanini keng targ‘ib etish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekani qayd etildi.

Bu jihatlar 2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturi maqsadlari bilan ham uyg‘un. Zero, mahallada sog‘lom muhit, faol fuqarolik pozitsiyasi va Vatanga sadoqat tuyg‘usi qaror topmas ekan, jamiyat taraqqiyoti haqida so‘z yuritib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, askar ota-onalarini e’zozlash nafaqat yuksak ehtirom ifodasi, balki kelajak avlod tarbiyasiga qaratilgan muhim ma’naviy sarmoyadir.

Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilayotgan har bir yigit ortida uning oilasi, mahallasi va butun jamiyat turgan ekan, yurtimiz tinchligi mustahkam, kelajagimiz esa yanada yorug‘ bo‘lishi shubhasiz.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri