French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatan himoyasi – muqaddas burch
17:41 / 2026-01-15

Vatan – muqaddas! Uni himoya qilish esa har birimizning burchimizdir. Bugun tinch yurtda yashar ekanmiz, bu osoyishtalik o‘z-o‘zidan kelmaganini anglashimiz zarur. Vatan himoyasi faqat qurol tutgan qo‘llar bilan emas, balki hushyor tafakkur, pok niyat va sadoqat bilan amalga oshajak. Shuning uchun ham “Vatan himoyasi – har birimizning vijdoniy mas’uliyatimiz” degan tushuncha bugungi kun ruhiga ayni mos keladi.

Tinch va osoyishta, farovon hayotimiz mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tomonidan ishonchli tarzda himoya qilinmoqda. Mana shunday mas’uliyatli burchni sidqidildan ado etayotgan, sarhadlarimiz daxlsizligiga kamarbasta bo‘layotgan o‘g‘lonlarimizni har qancha e’zozlasak, ardoqlasak arziydi.

Vatanni sevish, uning har qarichini ardoqlash, yurt ravnaqi uchun imkon qadar hissa qo‘sha olish chin insonlik martabasidir. Vatanparvarlik, yurtga sadoqat, xalq xizmatiga kamarbastalik esa kishi ma’naviyatidan, ilm-ma’rifati, tarbiyasidan darak beradi. Shu fazilatlar insonni yuksaltiradi, hurmat-e’tiborga sazovor qiladi.

  

14 yanvar esa mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, yorug‘ istiqboli yo‘lida matonat va g‘urur bilan mehnat qilayotgan har bir yurtdoshimiz uchun ulug‘ bayram, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan turli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Bayram tantanalari bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham yuqori kayfiyat va o‘zgacha shukuh bilan davom etdi. Akademiyada “Vatan himoyasi – muqaddas burch” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijro etildi. Shundan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Komilov tadbirni tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida bugungi kunda yurtimizda harbiy sohaga berilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda davlatimiz tomonidan Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, milliy armiyamizni modernizatsiyalash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy va intellektual tayyorgarligini oshirish bilan bir qatorda, harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun sharoitlar yaratib berilmoqda.

Mazkur islohotlar natijasida milliy armiyamiz Vatanimiz chegaralari daxlsizligi, xalqimiz osoyishtaligining ishonchli kafolati bo‘lishi bilan birga, yosh avlod uchun mardlik, yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi, Vatanimizga sevgi va sadoqat hislarini tarbiyalaydigan hayot maktabiga aylandi.  

Shundan so‘ng tadbirning badiiy qismi boshlandi. Bayram tadbirida Bojxona qo‘mitasi harbiy orkestri chiqishlari, Talabalar teatr studiyasi ijrosida “Avval Vatan” nomli sahna ko‘rinishi, vatanparvarlik mavzusidagi qo‘shiqlar, she’rlar ijro etildi. Akademiya talabalaridan iborat «Qalqon» jamoatchilik guruhining jangovar chiqishlari esa tadbirga o‘zgacha kayfiyat ulashdi. Vatan, yurt himoyasi tarannum etilgan she’rlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rahbariyati va Kasaba uyushmasi tomonidan bayram munosabati bilan professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar uchun sovg‘alar, vaucherlar topshirildi.

Shuningdek, bayram tadbirida faol ishtirok etgan mehmonlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

N.Usmonova, O‘zA